Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.08.2017 18:47 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasida ichki turizmni rivojlantirish istiqbollari va unda yoshlarning o‘rni

O‘zbekiston Respublikasida ichki turizmni rivojlantirish istiqbollari va unda yoshlarning o‘rni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida bo‘lib o‘tgan yoshlar forumi ana shunday nomlandi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi va boshqa qator davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan forumda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlar, tajribali mutaxassislar, ushbu yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.

Turizm industriyasi, xususan, ichki turizm yurtimiz iqtisodiyotining muhim tarmog‘i hisoblanadi. Mamlakatimizning har bir hududi o‘ziga xos turistik jozibaga ega. Shu bois turizmni rivojlantirish hisobidan minglab yangi ish o‘rinlari yaratish mumkin. Ayniqsa, bu borada ichki turizm imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish, yoshlar turizmini ommalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Qadim o‘tmishimizdan so‘zlovchi tarixiy yodgorliklarni ko‘rish, boy merosimizni o‘rganish yoshlarda milliy o‘zlikni anglash, an’ana va qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usini yuksaltiradi. Mazkur tadbir uchun aynan Shahrisabz shahri tanlangani bejiz emas. Negaki, bu hududning tabiati maftunkor, shahar qadimiy obidalarga boy. Bugun tobora chiroy ochib, zamonaviy qiyofa kasb etayotgan Shahrisabzga kelishni ko‘pchilik orzu qiladi. Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirdan ko‘zlangan maqsad ham yurtimizning tarixiy joylariga, ulug‘ avliyolar va buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolarga sayohat uyushtirish, hududlarning turistik salohiyatini o‘rganish va yanada yuksaltirish, bu jarayonda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan.

Forum ishtirokchilari to‘rt guruhga bo‘lingan holda, ichki turizmni rivojlantirish istiqbollari, yoshlar turizmi, turizmga ixtisoslashgan ta’lim, hududlardagi turizm infratuzilmasining holati, ichki turizm sohasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish kabi mavzularda fikr almashdi.

– Bugungi tadbirda bildirilayotgan fikrlardan ko‘rinadiki, ichki turizmni rivojlantirishda yoshlar alohida o‘rin tutadi, – deydi navoiylik Sabina Xudoyqulova. – Masalan, men O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati kengashi huzurida ish boshlagan yoshlar turizmini rivojlantirish klubi koordinatoriman. Haqiqatan ham, yoshlarning turizm sohasiga qiziqishi yuqori. Buni klubimiz a’zolarining soni qisqa vaqtda 150 nafarga yetganida ham ko‘rish mumkin. Forumda o‘z takliflarim bilan ishtirok etdim. Navoiy viloyatida 40 dan ziyod tarixiy obyekt mavjud. Ekoturizmni rivojlantirish uchun xushmanzara so‘lim go‘shalar bisyor. Lekin sayyohlarning kelishini ko‘ngildagidek deb bo‘lmaydi. Sababi, ular deyarli reklama qilinmaydi. Albatta, bu ishlar katta mablag‘ talab etadi. Bizning klub ana shu tarixiy joylar, tabiat in’om etgan ekoturistik hududlar reklamasini tashkil etish va viloyatning turistik salohiyatini yuksaltirishga hissa qo‘shishni maqsad qilgan. Bunga erishish yo‘llari xususida forumda soha mutaxassislaridan ko‘plab foydali ma’lumotlar oldim.

23.jpg

Forum doirasida ishtirokchilar Shahrisabz shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat qildi. Oqsaroy majmuasi, Ko‘kgumbaz jome’ masjidi, Chorsu bozori kabi tarixiy obidalarni tomosha qildi. “Chorsu” me’moriy majmuasida tashkil etilgan musiqiy-madaniy kechadagi kuy-qo‘shiqlar va milliy liboslar namoyishi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

– Shahrisabzga birinchi marta kelishim, – deydi samarqandlik Nilufar Hasanova. – Shahar men o‘ylaganimdan ham chiroyli ekan. Ayniqsa, mahobatli Oqsaroy majmuasi hayratlanarli. Hozir gid-tarjimon sifatida faoliyat yuritaman. Bugungi forumdan keyin xorijdan tashrif buyuruvchi mehmonlarga Shahrisabz shahrini ham albatta tavsiya etaman. Forumda ko‘plab qiziqarli fikrlar bildirildi. Men ham takliflarim bilan ishtirok etdim. Masalan, ayni paytda yurtimizda turizm sohasi bo‘yicha ta’lim beradigan yo‘nalishlar juda kam. Bundan tashqari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida turoperator va gid-tarjimonlik uchun sertifikat berishga 6 oydan 9 oygacha o‘qitiladi va o‘qish jarayoni faqat nazariyadan iborat. Taklifim, o‘qish jarayonida amaliyot qismi ham tashkil etilsa, yurtimizdagi turistik obyektlarga sayohatlar uyushtirilsa, o‘quv kursini bitirib chiqayotgan turoperator yoki gid-tarjimonlarning bilimi oshishiga xizmat qilgan bo‘lardi.

Tadbir doirasida Koba maqom markazida yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ayrim hududlarda turizm sohasida ko‘zga tashlanayotgan kamchilik va muammolar aks etgan videolavha namoyish etildi. Mavjud turistik imkoniyatlardan to‘la foydalanilmayotgani, transport infratuzilmasi rivojlanmagani, mutaxassislar yetishmasligi, sohaga xorijiy investitsiyalar jalb etilmayotgani tanqid qilindi.

“Ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar tahlili”, “Soha rivojida jamoat tashkilotlarining o‘rni”, “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasida mutaxassislar tayyorlash”, “O‘zbekiston Respublikasida joylashgan muzeylar va obidalar holati”, “Ichki turizm sohasida yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish masalalari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

12 (1).jpg

Ochiq muloqot davomida ishtirokchilarga Yoshlar nashriyot uyi tomonidan tayyorlangan va uch tilda chop etilishi mo‘ljallanayotgan “Shahrisabz: tarix va kelajak chorrahasi” nomli kitob loyihasi taqdim etildi. Xorijliklarni yurtimizning turistik salohiyati bilan tanishtiruvchi “Visit Uzbekistan” jurnali nashr etila boshlagani, kelgusida Yoshlar turizmini rivojlantirish assotsiatsiyasi tuzilishi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashlariga lizing asosida sayyohlik yo‘nalishidagi avtobuslar berilishi, uy-mehmonxona biznesi bilan shug‘ullanayotgan yosh tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratish rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.

Forum yakunida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi va Turizmni rivojantirish davlat qo‘mitasi o‘rtasida memorandum imzolandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati bo‘yicha Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev, Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Ro‘ziyev so‘zga chiqdi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
6 352






Все о погоде - Pogoda.uz