O‘zA O`zbek

28.01.2020 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Osiyoning eng yirik hunarmandchilik festivalida bosh hamkor sifatida ishtirok etadi

O‘zbekiston Osiyoning eng yirik hunarmandchilik festivalida bosh hamkor sifatida ishtirok etadi

Shu yilning 1-16 fevral kunlarida Hindistonning Xaryana shtatida Osiyoning eng yirik hunarmandchilik festivallaridan biri hisoblangan “Surajkund Mela” bo‘lib o‘tadi. 

Unda har yili 60 dan ortiq mamlakatdan kelgan milliondan ziyod hunarmandlar va mehmonlar ishtirok etadi. “Surajkund Mela” – dunyo mamlakatlarining amaliy san’ati namoyish etiladigan pavilonlar yarmarkasi.

Konsepsiyaga ko‘ra, har yili Hindistonning bir shtati – festival mavzusi sifatida, xorijiy davlatlardan biri esa sherik davlat sifatida tanlanadi. Bunday format ma’lum bir davlat aholisining mamlakat san’ati, an’analari, madaniyati va gastronomiyasiga e’tibor qaratish imkonini beradi.

Festival sherik davlat sifatida O‘zbekiston uchun an’anaviy hunarmandchilik, milliy san’at, folklor va turistik jozibadorlikka oid imkoniyatlarni keng namoyish qilish imkonini beradi.

Tadbirda 60 ga yaqin amaliy san’at ustasi, Samarqand, Xorazm va Buxoro viloyatlari delegatsiyalari, musiqachilar, ijrochilar, madaniyat vakillari, an’anaviy taomlar oshpazlari va rasmiy doiralar vakillari ishtiroki kutilmoqda.

Festival doirasida o‘zbek xalqining madaniy merosiga bag‘ishlangan qator tadbirlar, jumladan, “O‘zbekiston madaniyati kuni”, “O‘zbekiston milliy taomlari kuni”, mashhur hind dizayneri va O‘zbekistonning Hindistondagi madaniyat elchisi Ritu Berining “Ferghana Fantasy” to‘plami namoyishi, O‘zbekiston san’ati ustalarining chiqishlari va boshqalar o‘tkaziladi.

43 951
O‘zA