O‘zA O`zbek

17.04.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi raisining eng katta orzusi

O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi raisining eng katta orzusi

Rossiyaning “TurStat” tahliliy agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston gastronomik turizm yo‘nalishida MDH va yaqin chet el mamlakatlari reytingida kuchli beshlikdan joy olgan. Bular Gruziya, Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston va O‘zbekiston.

Bilamizki, milliy taomlarning tayyorlanish jarayoni bilan o‘sha taomlarning vatanida tanishish sayyohlar uchun doim qiziqarli bo‘lib kelgan. 

Shu bois “O‘zbekiston oshxonasi” brendini jahon miqyosida ommalashtirishda jamoat tashkilotlari, xususan, O‘zbekiston oshpazlar uyushmasining o‘rni alohida.

photo5308031248427494160.jpg
O‘zbek milliy taomlarini dunyoga tanitish, mamlakatimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida, O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi 2010 yilda Butunjahon bosh oshpazlar hamjamiyati uyushmasiga, 2017 yilda Butunjahon Islom davlatlari pazandalar uyushmasiga a’zo bo‘lgan. 
Natijada, ko‘plab xorijiy festival, sammit, musobaqa, o‘zaro tajriba almashish va shu kabi boshqa tadbirlarda ishtirok etilib, yuksak marralarga erishilmoqda. 

Xususan, 2018 yilda “National Geographic” jurnali o‘tkazgan “National Geographic Traveler” mukofotida “Gastronomik turizm” nominatsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston birinchi o‘rinni egalladi. 

Tanlovda ishtirok etgan respondentlar O‘zbekiston uchun 34 foiz, Italiyaga 21 foiz, Ozarbayjonga 17 foiz, Fransiyaga 13 foiz, Janubiy Koreyaga 5 foiz ovoz bergan. 
– Ko‘plab sayyohlar O‘zbekistonga mamlakatning oshxonasi, an’analari va madaniyati bilan tanishish uchun ham kelmoqda, – deydi O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi raisi Akbar Umarov. – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi turizm sohasidagi jamoat tashkilotlari faoliyatiga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, gastronomik turizmni rivojlantirish va ommalashtirishga qaratilgan bir qator loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. O‘tgan yili avgust oyida Turkiyada bo‘lib o‘tgan 33-Xalqaro “Mengen” festivalida, 13 ta davlat, jumladan, Germaniya, Niderlandiya, Kipr, Ozarbayjon, Malayziya, Ukraina, Yegipit, Bosniya va Gersegovina, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlar qatorida “O‘zbekiston” milliy oshxonasi stendi tashkil etildi va musobaqada 3-o‘ringa sazovor bo‘ldik.

photo5308031248427494156.jpg

Ayni vaqtda uyushma O‘zbekistonga tashrif buyurgan mehmonlarga o‘zbek milliy taomlarini tayyorlash jarayonini namoyish etish va master-klasslar o‘tkazishni yo‘lga qo‘ymoqda. Jumladan, yaqinda amerikadan kelgan bir guruh sayyohlarga o‘zbek milliy taomlarini tayyorlash bo‘yicha master-klass o‘tkazildi. Shuningdek, Amerikalik mashhur bloger Sonni Sadga mahalliy baliqlarimizdan turli taomlar tayyorlash sirlari o‘rgatildi. Germaniyalik ekspert Gans Karl Madelung O‘zbekistonga tashrifi davomida Toshkent restoranlarida bo‘lib, o‘z mulohazalarini yozib qoldirdi. 

– Sezishimcha, sizlarda oshxonaning jihozlanishidan ko‘ra restoranning tashqi va ichki dizayniga ko‘proq ahamiyat qaratishar ekan, – deydi sayyohlardan biri. – Faqat yaxshi sharoitdagina a’lo darajali, mazali taom pishirish mumkin. Shu jihatdan qaraganda, Toshkent restoranlari jahon andozalariga uncha mos kelmas ekan. Ammo aminmanki, vaqti bilan bu nuqsonlar bartaraf etiladi.

– Bu kabi muammolar yillar davomida yig‘ilib qolgan, jumladan, umumiy ovqatlanish korxonalari, restoran, kafe va boshqalarni xalqaro standartlarga moslashtirish vaqti keldi, – deydi O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi raisi Akbar Umarov. – Biroq, sohada faoliyat yuritayotgan korxona rahbarlari jamoat tashkilotlarining rolini u qadar tushunib yetgani yo‘q. Shu maqsadda, uyushmamiz o‘z atrofida umumiy ovqatlanish korxonalarini birlashtirib, xorijdagi yetakchi ekspertlar ishtirokida, O‘zbekistondagi restoranlarni jahon andozalariga moslashtirmoqdamiz. Bu jarayonda yurtimizning pazandachiligi tarixiga oid muzey tashkil kilish mening orzuim. Chunki o‘zbek xalqini boshidagi toji, bu – pazandalik. Qolaversa, uyushmamizda muzey uchun juda ko‘p materiallar bor.

photo5308031248427494158.jpg

– Shuni hisobga olib, yurtimizda bu yo‘nalishda targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish choralari ko‘rilmoqda, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakilli Sanjar Ro‘ziev. – Bunda qo‘shimcha sarmoyalar jalb etish orqali investitsion salohiyatni kuchaytirish, turizmning noan’anaviy turlarini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda jamoat tashkilotlarini rolini oshirish doimiy e’tiborda. 

Yurtimizga sayyohlar oqimini jalb etish, ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish nafaqat Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi balki, shu vatanni sevgan har bir yurtdoshimizning vazifamizga aylanmoqda. 

8 348
Sayyora Shoeva, O‘zA