O‘zA O`zbek

24.10.2019 Chop etish versiyasi

Naqshbandiya izdoshlari O‘zbekistonda jam bo‘ladi

Naqshbandiya izdoshlari O‘zbekistonda jam bo‘ladi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, Kuala-Lumpurdagi O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Jahon So‘fiy markazi “World Sufi Center” (Malayziya) tashkil etgan III Naqshbandiya turizm festivali O‘zbekistonda o‘tkaziladi.

31 oktabrdan 7 noyabrgacha bo‘lishi aytilayotgan festivalda Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Xitoy, Hindiston, Avstraliya, AQSh, Janubiy Afrika kabi dunyoning turli mamlakatlaridan 250 dan ortiq so‘fiy tariqatidan bo‘lgan Naqshbandiya izdoshlari qatnashishi kutilmoqda.

Festival doirasida mamlakatimiz hududlaridagi bir qancha muqaddas qadamjolarga ziyorat qilish ko‘zda tutilgan. Hazrati Bahouddin Naqshbandiy, Hazrat Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xo‘ja Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xo‘ja Orif Revgari maqbaralari, Said Amir Kulol, Buxoro shahridagi Miri Arab madrasasi va Buxorodagi masjidi Kalon, Xoji-Ahrori yodgorliklari, Imom Abu Mansur al-Moturidiy, Shohi Zinda me’moriy majmui, Samarqanddagi Registon maydoni va Ulug‘bek rasadxonasi, Termiz shahridagi Imom Termiziy majmuasi shular sirasidandir.

Qayd etish joizki, Naqshbandiya – so‘fiy birodarligidir, uning asoschisi Bahouddin Naqshbandiy 1318 yilda Buxoroda tug‘ilgan va taniqli din arbobi bo‘lgan.

Dunyoda Naqshbandiya so‘fiylik tariqatining 40 milliondan ortiq izdoshlari mavjud. Birgina Malayziyada ular 15 millionni tashkil etadi.

2 353
O‘zA