O‘zA O`zbek

26.10.2019 Chop etish versiyasi

Moddiy madaniy meros obyektlarini saqlashga xususiy sarmoyadorlar faol jalb etiladi

Moddiy madaniy meros obyektlarini saqlashga xususiy sarmoyadorlar faol jalb etiladi
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rasmiy saytida berilgan maʼlumotga qaraganda, bugungi kunda Oʻzbekistonda 8 208 ta madaniy meros obyekti mavjud. Madaniy meros obyektlarini asrashga doir katta ishlar qilinganligiga qaramay, ularning maʼlum bir qismi hanuz qoniqarsiz ahvolda.

Moddiy madaniy meros obyektlarining barchasini byudjet hisobidan saqlash imkoni yoʻqligi sabab ushbu muammo yechimini topishga xususiy sarmoyadorlarni jalb qilish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli Oʻzbekistonning milliy boyliklarini qoniqarli holatga keltirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-martdagi qarori bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy meros obyektlarini va ularga tutash hududlarni ularni obodonlashtirish va zarur holatda saqlash boʻyicha investitsiya majburiyatlari olgan holda ijaraga berish tartibi toʻgʻrisida Nizomga qoʻshilgan yangi (291) bandga koʻra, hududida turizm infratuzilma obyektlari, shu jumladan, joylashtirish vositalari boʻlgan yoki yaratiladigan moddiy madaniy meros obyektlari oʻttiz yilgacha muddatga, biroq kamida oʻn yilga ijaraga beriladi.

Bunda ijarachilar besh yillik ijara haqiga teng boʻlgan mablagʻni hududida oʻzlari joylashgan moddiy madaniy meros obyektlarini restavratsiya va konservatsiya qilishga yoʻnaltirishsa, shuningdek, moddiy madaniy meros obyektlarini saqlash normalariga rioya qilishsa dastlabki besh yilda ijaraga haq toʻlashdan ozod qilinadilar. Ijara shartnomasining amal qilish muddatini uzaytirish tanlov komissiyasining qarori asosida amalga oshiriladi.

Asosiy maqsad – ijara muddatini uzaytirish orqali moddiy madaniy meros obyektlarini qayta tiklashga qoʻshimcha mablagʻlarni jalb qilishdan iborat. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi “Turizm tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida, shuningdek Hukumatning sohani rivojlantirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarida belgilangan vazifalarda sanitar-gigiyenik shoxobchalarni qurish, ularni zamonaviy sanitariya talablariga muvofiq ekspluatatsiyaga berishni taʼminlash vazifasi qoʻyilgan. Tadbirkorlarni Oʻzbekistonning shahar va tumanlarini sanitar-gigiyenik shoxobchalarni qurishga qiziqtirish maqsadida ularga manfaatli imtiyozlar taqdim etilgan. Mamlakat aholisi hamda yurtimiz mehmonlarining sayohat qilishlariga qulay sharoit yaratish va sanitariya-gigiyena shoxobchalar holatini yaxshilash uchun boshqa qator choralar ham koʻrilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron auksion orqali doimiy foydalanishga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining iltimosnomasiga koʻra, tadbirkorlarga elektron auksionda ishtirok etmagan holda, 80 – 100 metr kvadrat oʻlchamdagi yer uchastkalari taqdim etiladi.

943
OʻzA