Mamlakatimizda keyingi 10-yil ichida turizmning yiliga 7 foizdan o‘sib borishi bashorat qilinmoqda
Germaniyalik hamkasbimiz Folker Neff xizmat safari bilan O‘zbekistonga kelganida Toshkentda unga hamrohlik qildim. Mustaqillik maydonida, “Minor” masjidida, bozorlarda, muzeylarda bo‘ldik, istirohat bog‘larida, metroda sayr qildik.
Germaniyalik hamkasbimiz Folker Neff xizmat safari bilan O‘zbekistonga kelganida Toshkentda unga hamrohlik qildim. Mustaqillik maydonida, “Minor” masjidida, bozorlarda, muzeylarda bo‘ldik, istirohat bog‘larida, metroda sayr qildik. Mehmon do‘stlarimiz bilan Xiva va Samarqand shaharlariga borib keldi. Ketar chog‘ida aytdi: dunyoning ko‘p davlatlarida bo‘lganman, ammo O‘zbekistondagiday zo‘r hayajon, katta taassurot olmadim. Bu diyor o‘zgacha fayzli, Alloh nazaridagi yurt ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim...Bu kabi e’tiroflarni yurtimizga kelgan har bir sayyohdan eshitishimiz mumkin. Zero, istiqlol yillari yurtimiz sayyohlik salohiyati yanada rivoj topib, qadimiy obidalari, muqaddas qadamjolari, xushmanzara va so‘lim tabiati, barqaror tinchlik hamda hamjihatlik muhiti, xalqimizga xos mehmondo‘stlik an’analari bilan sayyohlar e’tiborini tobora o‘ziga jalb etayotir.
Turizm, ayniqsa, XXI asrga kelib keng taraqqiy etmoqda. Bugungi kunda turizm sanoati dunyoda eng ilg‘or va serdaromad sohalardan biriga aylandi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 200 millionga yaqin kishi ushbu sohada mehnat qiladi, jahon iqtisodiyotida xalqaro turizmdan tushayotgan daromad 1 trillion AQSh dollaridan ko‘proqni tashkil qilmoqda, dunyo bo‘yicha sayyohlar soni yiliga 4-5 foiz ko‘payib, har yili boshqa davlatlarga sayohat qiluvchilar soni 1 milliarddan oshmoqda.
Ma’lumki, Buyuk Ipak yo‘li markazida joylashgan O‘zbekiston sayyohlik ko‘lami va tarixiy qadamjolari ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi mamlakatlar ro‘yxatidan o‘rin egallagan. Mamlakatimizda 7 mingdan ziyod tarixiy va madaniy yodgorlik mavjud. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlari YuNESKOning jahon merosi durdonalari ro‘yxatiga kiritilgan. Bugun yurtimizda 800 dan ortiq sayyohlik tashkiloti faoliyat ko‘rsatadi, 600 dan ziyod zamonaviy mehmonxona, sayyohlik bazasi va kemping bor. Dam olish maskanlari yil sayin ko‘payib, xizmat ko‘rsatish turlari va sifati yuksalib bormoqda. Yangi sayyohlik yo‘nalishlari ishlab chiqilayotgani, transport-kommunikatsiya tizimi xalqaro standartlar darajasiga keltirilayotgani soha rivojiga, mamlakatimizga kelayotgan sayyohlarning ko‘payishiga zamin yaratmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda turizmni yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, 2017-yil 16-avgustdagi “2018-2019-yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining BMT Jahon sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlikda tayyorlagan ma’lumotiga ko‘ra, 2017-yilning birinchi yarmida 1 million 125 ming sayyoh yurtimizga kelgan. Bu 2016-yilning mos davri bilan solishtirganda 18 foiz ko‘pdir. Shuningdek, ma’lumotda mamlakatimizda sayyohlik xizmatlari eksporti joriy yilning olti oyida 694,5 million AQSh dollarini tashkil qilgani qayd etilgan.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda turizm infrastrukturasi xalqaro standartlar darajasida jadal rivojlanmoqda. Mamlakatimizda turizm istiqbollarining yangi qirralari kashf etilib, turli yo‘nalishlarda keng qamrovli loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, keyingi yillarda alpinizm, otda, tuyada, velosipedda sayohat qilish, off-road sayyohatlari, baliq ovi, rafting, xeliski, geoturizm, ta’lim turizmi, tibbiy turizm kabi yangi sayyohlik yo‘nalishlari ommalashmoqda.
Bugungi zamonaviy turizm istiqbollaridan biri – noyob tabiiy maskanlar hisoblanadi. Xususan, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ekoturizm eng rivojlangan yetakchi davlatdir. Yurtimiz boy hayvonot va o‘simlik dunyosi, betakror landshaft manzarasi, milliy an’analar va taomlar oshxonasi bilan sayyohlar e’tiborini qozonib keladi. Ugom-Chotqol Davlat milliy tabiat bog‘i, uning tarkibiga kiruvchi Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi va Chimyon-Chorvoq kurort-rekreatsiya zonalarida O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish konsepsiyasi doirasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Turizmni rivojlantirishning yana bir muhim omili sayyohlik logistikasi bilan bog‘liq. Bugun O‘zbekistonda 11 xalqaro aeroport xizmat ko‘rsatadi. Milliy aviakompaniyamiz zamonaviy avialaynerlar bilan ta’minlangan. Ushbu samolyotlar Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Amerikaning 50 dan ortiq shahriga muntazam parvozlarni amalga oshirmoqda.
Toshkentdan Samarqand, Buxoro, Qarshi shaharlariga yuqori tezlikda harakatlanadigan zamonaviy elektr poyezdlarining qatnovi yo‘lga qo‘yilgani, Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li ishga tushishi sayyohlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratdi.
Mamlakatimizda turizm rivojlanar ekan, soha xodimlariga bo‘lgan talab ham kuchaya boradi. Shu ma’noda, yurtimizda turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash, ularning malakasini muttasil oshirib borish tizimi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bugun mamlakatimizda turizm yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlovchi 5 oliy o‘quv yurti, jumladan, Singapur menejmentni rivojlantirish institutining Toshkent filiali mavjud bo‘lib, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi har yili sayyohlik sohasida ta’lim olayotgan yoshlar, sohada mehnat qilayotgan mutaxassislarning Yevropa hamda Osiyoning yirik sayyohlik markazlari va o‘quv yurtlarida malaka oshirishiga yordamlashmoqda.
Soha istiqbolida yana bir muhim jihat – bu hududlardagi barcha madaniy-tarixiy meros obyektlari, tabiiy o‘lkashunoslik, milliy qo‘riqxona hududlarining yagona ma’lumotlar bazasini yaratish, turizm sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, mintaqalarda turizmni rivojlantirish uchun joylardagi mahalliy hokimiyat organlari va jamoatchilik kuchlarini birlashtirishdan iborat. Bu boradagi izchil ishlarni amalga oshirishda mamlakatimizda mustahkam huquqiy baza yaratilgan bo‘lib, har bir hudud uchun maxsus dasturlar ishlab chiqilgan va jarayon jadal davom etmoqda.
Mamlakatimiz turizm industriyasi jadal rivojlanishida xususiy sektorning ustuvor ishtirokini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozir 500 dan ortiq tadbirkor turizm sohasiga jalb qilingan bo‘lib, ular suvenir mahsulotlarini ishlab chiqarish, mehmonxona xo‘jaligi, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanib keladi.
Yaxshi bilamizki, turizmni rivojlantirishda xorij mamlakatlarida bo‘lib o‘tadigan sayyohlik namoyishlari muhim ahamiyat kasb etadi. Yurtimiz milliy madaniy merosini chet ellarda ommalashtirish, mamlakatimizga xorijlik sayyohlarni ko‘proq jalb qilish va ichki turizmni rivojlantirish maqsadida mamlakatimiz sayyohlik tashkilotlari Madrid, Riga, Berlin, Parij, Tokio, London, Moskva, Istambul kabi dunyoning yirik shaharlarida qator ko‘rgazmalar tashkil etmoqda yoki xalqaro ko‘rgazmalarning bevosita ishtirokchisi sifatida qatnashmoqda. Bu, albatta, o‘z samarasini berib, xorijiy sayyohlarning yurtimizga oqimi tobora ko‘paymoqda.
Jahon turizm va sayohat ekspertlari O‘zbekistonni yaqin kelajakda sayyohlar oqimi yanada ortishi kutilayotgan besh davlat qatoriga qo‘shmoqda. Ular mamlakatimizda keyingi 10-yil ichida turizmning yiliga 7 foizdan o‘sib borishini bashorat qilishmoqda.
Jahon banki mutaxassislari fikricha esa, bu jihatlar O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlari yaratilishi, eksport va yalpi ichki mahsulot hajmi yuksalishiga xizmat qilib, turizmdan kelayotgan daromad mamlakatimizda iqtisodiy taraqqiyotni, aholi turmushi farovonligini ta’minlashga imkon beradi.
Maqola tayyorlanayotganda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi delegatsiyasi 21-24-sentabr kunlari Yaponiyada bo‘lib o‘tgan “JATA tourizm EXPO” yarmarkasida ishtirok etib qaytgani haqida xabar oldik. Qo‘mita mutaxassisi Temir Mirzayevning aytishicha, yarmarka doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi “Iqtisodiyotning barqaror rivojlanishida turizmning o‘rni” mavzuidagi konferensiyada ishtirok etib, sohani rivojlantirish, xorijiy sayyohlarni qabul qilish, xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishdagi yangi imkoniyatlarni muhokama qilgan. Shuningdek, turli davlatlarning turizm tashkilotlari rahbarlari, yetakchi sayyohlik kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda istiqbolli kelishuvlarga erishilgan.