O‘zA O`zbek

20.04.2019 Chop etish versiyasi

Malayziyada Oʻzbekistonning turizm salohiyati targʻib qilindi

Malayziyada Oʻzbekistonning turizm salohiyati targʻib qilindi

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan joriy yilning 19 aprel kuni Malayziyaning Perlis shtati poytaxti Kangar shahrida Oʻzbekistonning turizm salohiyati taqdimot qilindi.

Qayd etish lozimki, Malayziyaning Perlis shtati muftiysi janob Zainal Abidin tashabbusi bilan Kangar shahrida musulmon din peshvolari vakillarining yigʻilishi, maʼrifiy tadbirlar va islom dini taraqqiyoti markazlari haqidagi tadbirlar muntazam ravishda oʻtkazilib kelinmoqda. Mazkur yigʻilish 3 kun davom etib, 15 mingga yaqin mehmonlar tashrif buyurishi kutilmoqda.

Malayziyaning Perlis shtati muftiysi Zainal Abidin Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekistonning ziyorat turizmi elchisi etib tayinlanganligi yurtimizning ziyorat turizmini rivojlantirish va ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

photo_2019-04-20_18-58-31.jpg

Xususan, bu yilgi tadbirda ziyorat turizmi boʻyicha yangi manzil sifatida Oʻzbekiston alohida stend bilan qatnashdi. Tadbirda joylashtirilgan “Oʻzbekistonning turizm salohiyati” stendi tadbir ishtirokchilari va Malayziyaning turizm kompaniyalari, sayohat ixlosmandlari orasida katta qiziqishga sabab boʻldi.

Xususan, Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilayotgan Malayziyaning “MKM” kompaniyasi menedjeri Ahmad Shami Naim Oʻzbekistonning turizm salohiyatini yuqori baholab, mamlakatimizga malayziyalik turistlar oqimini koʻpaytirish boʻyicha oʻzining kelgusidagi rejalari haqida maʼlum qildi.

Jumladan, Malayziyaning barcha shtatlarida“MKM” kompaniyasi faoliyatini kengaytirish orqali Oʻzbekistonning turizm salohiyati targʻibot qilish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, muloqotlar davomida Malayziyaning bir qator kompaniyasi vakillari bilan har oyda 100 tadan 150 tagacha turistlarni Perlis shtati muftiysi boshchilida Oʻzbekistonga yuborish boʻyicha kelishuvga erishildi. Mazkur kelishuv malayziyaliklar tomonidan maʼlum qilinishicha 2019 yil iyuldan boshlab amalga oshirilishi kutilmoqda.

1 691
OʻzA