O‘zA O`zbek

12.03.2019 Chop etish versiyasi

Ishga solinmagan salohiyat: Orolboʻyini qanday oʻzgartirish mumkin?

Ishga solinmagan salohiyat: Orolboʻyini qanday oʻzgartirish mumkin?

Muzaffar Qoʻchqorov Orol dengiziga yaqin joylarga qanday yordam berish va ushbu hududda qanday loyihalarni amalga oshirish mumkinligi haqidagi gʻoyalari bilan oʻrtoqlashdi.

Bolaligimda otam menga Orol dengizi, temir yoʻli yaqinida uning qanday toʻlqinlanishi, mahalliy aholi vagonlarda sotib yurgan ulkan baliqlar haqida soʻzlab bergandi... Oʻshandan keyin koʻp suvlar oqib oʻtdi. Ming afsuski, oʻsha Orol endi yoʻq. Oʻtgan yili xizmat safari bilan Nukusga borganimda, tanishlarimdan Orolga “haydashlarini” soʻradim. Bunga javoban ular: u yer ancha olis, u yoqqacha borish qiyin va bu qimmatga tushishini aytdi. Oʻshanda Orolga borish orzuligicha qolib ketgan edi.

Oʻtgan yilning may oyida men tasodifan Orol dengizi va Orol boʻylab media-tur uyushtirilayotgani haqida xabar topdim. Ushbu tur Yevropa ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan UzWaterAware loyihasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tuman hokimiyatlari koʻmagi va ishtirokida Markaziy Osiyo Hududiy ekologik markazi tomonidan tashkil etildi. Men otamning hikoyalari hozirgi voqeʼlikdan qay darajada farq qilishini oʻz koʻzim bilan koʻrish maqsadida safarga otlandim.

Orol dengizi va Orolboʻyi

Bir paytlar ulkan koʻl boʻlgan dengizning tubi va qirgʻoqlari hozirda oʻziga xos landshaft, hayvonot va nabotot olamiga ega keng sahroga aylanib qolgandi. Uning kam tadqiq etilgan tabiati sirli va oʻzga sayyoraliklarnikiga oʻxshash shakllari bilan kishini oʻziga rom etadi.

Bepoyon qoyali, ovoz beruvchi minoralari, qadimiy qarorgohlari, eski qabristonlari bilan yastanib yotgan Ustyurt yassi togʻliklari.

Sudochye koʻli, pushti flamingolar, qorabuzovlar, oʻrdaklar, turli baliqlar. 
Oʻz tarixi bilan kishini sehrlab qoʻyadigan Urga tashlandiq baliqchilik posyolkasi. Oʻz aerodromi bilan mashhur Kubla-Ustyurt shaharchasi (ilgari u Komsomolsk-na-Ustyurte deb atalardi). Dengizning yuqori qirgʻogʻidagi oʻtov lageri. Bu yerda hamma narsa bir xil koʻrinishda.

Sohil ham, dengiz ham ajoyib koʻrinishga ega. Darhaqiqat, oʻtmishdagi buyukligini yoʻqotgan boʻlsada, u baribir mavjud. Ayniqsa, sahro boʻylab bir necha soatlik yoʻl bosib, vanihoyat oʻz maqsadingga yetishdim deganingda suv, qum, chigʻanoqlar, qushlar, toʻlqinlar,qirgʻoqqa uriladigan koʻpikli toʻlqinlar – bularning bari haqiqatdan yiroq boʻlgan narsalar emas, balki ayni haqiqat. 
Toʻgʻri, hozir dengizda baliqlar yoʻq, uning suvi ham shoʻrlangan ( 1 litr suv tarkibida 160 grammdan ortiq tuz mavjud).

U yerga qanday yetib borish mumkin?

Toshkentdan Nukusgacha boʻlgan yoʻl zamonaviy A-320 samolyoti bilan parvoz qilganda bir yarim soatdan kamroq vaqtni oladi. Qoraqalpogʻiston poytaxtida mehmonxona biznesi yaxshi rivojlangan, shaharda koʻplab mehmoxonalar va gestxauslarni uchratish mumkin. U yerning taomlari ham turlicha, karma, kurka goʻshtidan tayyorlangan beshbarmoq singari oʻziga xos taomlar bilan mashhur boʻlgan mahalliy oshxonalar ustunlik qiladi.

Nukusdan dengiz tomonga oʻta qiyin yoʻllarda ham yura oladigan avtomobillarda borish kerak, chunki boshqa mashinalar u tomonlarga bora olsada, qumliklarga botib qolish xavfi yuqori. Mahalliy agentlik bu borada servis xizmati koʻrsatadi.

Ha aytgancha, safar davomida koʻpchilik yoʻl tanlamas mashinalarda dabdabali toʻylarda emas, balki ular uchun moʻljallangan yoʻllarda yurish naqadar maroqli, degan deyarli fikrda yakdil edi.

Dengizning biz tushgan ekspeditsiyasi tomonidagi qirgʻogʻida ikki kichikroq oʻtov lageri bor edi. Albatta gap har tomonlama qulay boʻlgan mehmonxona haqida bormayapti - oʻtov va chodirlar ikki nafardan olti-sakkiz nafargacha kishi uchun moʻljallangan. Shu tariqa, 35 kishilik guruhimiz ushbu lagerga joylashdi, ayni damda haydovchilar oʻz mashinalarida tunaydigan boʻldi.

Butun yoʻl davomida tajribali gid va tarixchi, Orol dengizining bilimdoni Oktabr Dospanov bizga hamrohlik qilib bordi. Bugungi kunda Orol dengiziga boʻlgan qiziqish asta-sekin boʻlsada, tobora ortib borayotgani bois, ana shunday gidlarni koʻpaytirish zarur. Professional gidlar, haydovchilar, tayanch lagerlari nazoratchilari – ularning roʻyxatini hali davom ettirish mumkin. Professionalizm haqida bejiz gapirmadim- sahro xatolarni kechirmaydi.

Bu hududda turizm qay darajada boʻlishi mumkin?

Bu oʻlkalarda turizm endi rivojlanmoqda,ushbu hududga boʻlgan munosabatni tubdan oʻzgartirish lozim. Orolboʻyi – bu endi tabiiy halokat yuz bergan hududgina emas, turizmning turli shakllari uchun noyob landshaft va koʻplab imkoniyatlarga ega maskan hamdir. Mahalliy imkoniyatlar va jahon tajribasidan kelib chiqqan holda, turizmning bu yerdagi turli variantlarini koʻrib chiqsak.

Avtosayohat - faol hordiqni xush koʻruvchi havaskor va professionallar uchun turli darajali qiyinchiliklarga ega yoʻnalishlar bilan taʼminlangan avtorallilar. Bu yerning tabiati sayohatchilarga turfa sarguzashtlarni taqdim etishi mumkin: bu ham Orol dengizidagi yassi togʻliklar va dengiz tubi boʻylab choʻzilgan, tuproq va qumliklar bilan oʻralgan yoʻllardir (bu yoʻllarni yoʻl deb ham boʻlmaydi).

Va albatta, turli darajadagi ralli-reydlar: kichik ralli – bu Orolboʻyi yoʻlidagi yoʻl, biroz uzoqroq davom etadigan ralli - qoʻshni mamlakatlar hududlaridan oʻtadigan rallilar. Masalan, mamlakat ichidagi ralli, Rossiya (turli yillarda Xitoy va Oʻzbekistondan tashqari Markaziy Osiyo mamlakatlari) hududidan oʻtgan “Ipak yoʻli” singari yoʻnalishlarga qoʻshilish mumkin.

Yoxud Oʻzbekiston Avtosport federatsiyasi Markaziy Osiyo boʻylab ralli tashkil qilishi ham mumkin. Yaqindan boshlab Oʻzbekistonda 4x4 Energy yoʻli havaskorlar klubi faoliyat yurita boshladi – ular oʻsha oʻlkalarning pionerlari boʻla olishlari ham mumkin.

Turlar shuningdek, mashinalar, samolyot va poyezdda yurishni uncha xushlamaydiganlar uchun ham qiziqarli boʻlishi mumkin. Bunday sayohatchilar dunyo boʻylab avtouylarda sayohat qiladilar. Butun mintaqadan Orol qirgʻoqlarigacha boʻlgan yoʻnalishlarni ham ishlab chiqsa boʻladi.Bunda sayohatchilar sayyoramizning eng sirli maskanlaridan birida gʻaroyib manzaralarni tomosha qiladilar, dengizda choʻmiladilar, qirgʻoqda chigʻanoqlar izlaydilar, tongni qarshi olib, quyosh botishini tomosha qiladilar, dengiz boʻyidagi yulduzli oqshomda Somon yoʻlini oʻz koʻzlari bilan koʻradilar va bu goʻzallikning hammasini foto va videoga tushirib oladilar.

Biz oʻzbeklar uchun bu oʻz yurtimizni tadqiq etishning oʻziga xos maftunkor usulidir. Koʻp mamlakatlarda ichki turizmning iqtisodiyotdagi ulushi juda oz miqdorni tashkil etadi. Sayyohlik agentliklari va ivent-industriya Orol dengizi va uning atrofidagi hududlarni turli tadbirlar (tim-bildinglar, retritlar, seminarlar, fotosessiya va hokazolar) oʻtkazadigan maskanlar roʻyxatiga kiritib qoʻyish kerak.

Ha aytganday, agar siz sunʼiy yoʻldosh (faqatgina ayrim chekka hududlarda “Oʻzmobayl”) telefonidan foydalanmasangiz, sobiq dengiz hududi uyali aloqasidan butunlay uzib qoʻyilgan. Bu narsa yaxshimi, yomonmi bilmadimu, biroq ikki-uch kunga tashqi olamdan dam olish hech kimga zarar qilmaydi. 

Sarmoyadorlarning mablagʻi, Davlat turizm qoʻmitasining hududni rivojlantirish borasidagi koʻmagi hamda Qoraqalpogʻiston Vazirlar kengashining yordamisiz yuqoridagilarning barchasiga erishib boʻlmaydi, albatta. Aynan Orolboʻyi, dengiz tubi va Ustyurt yassiliklari (jahonga mashhur Samarqand, Buxoro va Xiva bilan birga) infratuzilmasini rivojlantirish zarur. Bu ish oʻrinlarining yaratilishi, mahalliy aholi uchun qoʻshimcha daromad degani hamdir. Eslatib oʻtaman, Orolning biz borgan qirgʻogʻida bor yoʻgʻi ikkita oʻtovli lager bor edi.

Festivallar. Yaqinda Moʻynoqda boʻlib oʻtgan “Ofat” (“Stixiya”) elektron musiqa festivali ushbu hududning ulkan salohiyatini namoyish etdi. Unga tashrif buyurganlar tomonidan birorta salbiy fikr bildirilmadi. Birinchi marta oʻtkazilgan bunday festival uchun bu juda yaxshi koʻrsatgich.

Yana bir misol - har yili oʻtkaziladigan “Koachella” musiqa va sanʼat festivali (AQSH, Kaliforniya, https://www.coachella.com). Bu AQSHdagi eng mashhur va daromadli musiqa festivallardan biridir. Bu kabi tadbirlar davomida musiqaning turli janrlari (maqomdan tortib, ogʻir rokgacha boʻlgan)ni birlashtirish, xorijiy musiqachilar va ijodkorlarni taklif etish mumkin. Yaqindan boshlab bu tadbir miqyosi yanada kengaydi - endi bu qariyb bir hafta davom etadigan Musiqa va sanʼat festivaliga aylandi. Agar sizda bunday miqyosdagi festival ishtirokchilari qayerda yashaydi, degan savol tugʻilsa, buning javobi juda oddiy – shaxsiy chodirlar va mashinalarda.“Koachella”festivalini oʻtkazish jarayonida Indio shahrida qator chodirlar shaharchasi barpo etilmoqda, koʻpchilik avtomobil lagerlari (car camping)ni afzal koʻradi,Eldorado (Lake Eldorado) koʻli qirgʻogʻida oʻtovlar qurilmoqda.

Bu kabi tadbirlarni muvaffaqiyatli oʻtkazish uchun quyosh panellari va shamol generatorlarini toʻgʻri oʻrnatish - qayta tiklanuvchi muqobil energiya manbalaridan maksimal darajada foydalanish masalasini koʻrib chiqish zarur.

Shuningdek, dunyoda musiqa va sanʼat boʻyicha sakkiz kun oʻtkaziladigan anʼanaviy Burning Man festivalini ham misol qilish mumkin. Har yili uning tashkilotchilari “Blek Rok” sahrosida tegishli infratuzilma, koʻchalar, oʻnlab raqs maydonlari, art-obyektlar va installyatsiyalarga ega boʻlgan shaharcha barpo etadi. Festival mavzusi har yili oʻzgarib turadi. Tadbirning ekologik tozaligi – festivalning eng katta yutugʻidir. Tadbir yakunlanishi bilan barcha chiqindilar festival ishtirokchilari va tashkilotchilari tomonidan olib ketiladi. Shu bois festival yakunlanishi bilan sahro tadbirga qadar qay ahvolda boʻlgan boʻlsa, shundayligicha qoladi. Unga tashrif buyuruvchilar soni yil sayin ortib bormoqda, 2018 yilda festival 70 mingdan ziyod kishini toʻpladi.

Mavzu jihatdan ham, joylashuv jihatdan ham Orolboʻyida oʻtkazish mumkin boʻlgan bu kabi tadbirlar talaygina. Bunday maskanlarga sayyohlarni jalb qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad hammaga ayon: mazkur masalaga toʻgʻri yondashilganda, yuzlab insonlar uchun ish oʻrinlari yaratiladi va sayyohlar oqimi koʻpayadi.

Yana bir qiziq dalil: safarim haqidagi hikoyani davom ettirar ekanman, yoʻllarda yoʻl koʻrsatmalari deyarli uchramaydi, baʼzan ularning oʻrnini yirik hayvonlar suyaklari, odamlar qoldirgan plastik idishlar va bir uyum toshlar egallagan.

Aksariyat hollarda Ustyurt yassiliklarining bepoyon sahrosidagi yoʻnalishlarni yoddan biladigan haydovchilarning mahoratiga qoyil qolmay iloji yoʻq. Yoʻllarda koʻrsatmalar bilan birga sahro chiqindilar uchun joy emasligi toʻgʻrisidagi plakatlar ham oʻrnatilsa foydadan holi boʻlmasdi. 

Bu yerni sahrodan koʻra, koʻproq yassilik deb atasa toʻgʻriroq boʻlardi: bu yerda insonning tabiatni sobiq dengizdan qolgan chang va tuzlardan asrash boʻyicha qilgan ishlarining izlari bor axir. Ulkan maydonlarga saksovul ekilmoqda. Mutaxassislar ekishning turli uslublarini sinab koʻrdi. Alal oqibat uni qoʻlda ekishga toʻgʻri keldi, ana shundan soʻng shamol bu oʻsimlikni yanada chuqurroq yerga olib boradi. Saksovul yer qatlamini mustahkamlaydi va oʻzining qalin shoxlari bilan yer sathidan chang va tuz koʻtarilishiga toʻsqinlik qiladi.

Qoʻshni mamlakatdan oʻzlashtirilgan qiziq tajriba

Qoʻshni Qozogʻistonda Charinkanoni bor va qozoqlar bu maskanni mashhur Grand Kanondan kam emas, deb hisoblagan holda, u bilan haqli ravishda faxrlanadi. Uning hududida milliy oʻtovlar, yozgi qahvaxonalar bilan bezatilgan ajoyib sayyohlik majmuasi joylashgan.

Koʻplab sayyohlik agentliklari kanonda sayohat qilish boʻyicha xizmatlarni taqdim etmoqda. Yoʻl tanlamas avtomobillar, oʻtkazgichlar, aloqa vositalari va hokazolar sayyohlarga taklif etiladigan ana shunday xizmatlar sirasiga kiradi. Ushbu maskan ham mahalliy aholi, ham xorijiy mehmonlar orasida juda mashhur.

Yakshanba kunlari milliy bogʻda bir paytning oʻzida 400 va undan koʻproq odam sayr qilishi mumkin. Bogʻning tozaligi uchun 50 ga yaqin kishi javobgar. Bogʻ hududida maxsus chiqindi idishlari, uning oxirida esa, maishiy chiqindilar uchun ulkan baklar qoʻyib chiqilgan.

Saksovul plantatsiyalari va Trast fondini yaratishga doir soʻnggi xabarlar ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, eng asosiysi Qoraqalpogʻiston xalqiga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan Orolboʻyidagi keng koʻlamli va tub oʻzgarishlarning ibtidosi xolos.

48 855
Muzaffar Qoʻchqorov, OʻzA