O‘zA O`zbek

25.10.2019 Chop etish versiyasi

“Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti Ipak yoʻli universitetlari alyansiga kirdi

“Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti Ipak yoʻli universitetlari alyansiga kirdi

“Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti Ipak yoʻli universitetlari alyansi – University Alliance of the Silk Road (UASR)ning bir qismiga aylandi. Ushbu ildam qadam UASR tadbirlari doirasida yaqinda Xitoyning Guylin shahrida tashlandi.

– Ipak yoʻli universitetlari alyansi oliy taʼlim sohasida xalqaro munosabatlarni rivojlantirish va shaffofligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi, – deydi “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti jamoatchilik bilan ishlash boʻlimi boshligʻi N.Abduvohidova. – Uning maqsadi – Ipak yoʻlida joylashgan mamlakatlar universitetlari oʻrtasida hamkorlikni faollashtirish va hududiy ochiqlikka koʻmaklashishdan iborat. Alyans universitetlararo talabalar dasturlari almashishni ishlab chiqishga koʻmaklashadi, xalqlar oʻrtasida doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar uyushtirib, ilmiy, siyosiy, iqtisodiy tadqiqotlar yoʻnalishlaridagi aloqalarni oʻrnatish, kadrlar tayyorlashga xizmat qilmoqda.

Mazkur tuzilma “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti hamkori boʻlgan Guylin universiteti tashabbusi va Shensi provinsiyasi oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikda “Bir makon – bir yoʻl” loyihasini amalga oshirish tadbirlari doirasida tashkil etilgan. Ayni damda dunyoning 150 ga yaqin ilgʻor universitetlari alyans tarkibiga kirgan.

“Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetining rivojlantirish va strategik masalalar boʻyicha birinchi prorektori A.Akbarov joriy yilning 15-oktyabr kuni alyansda ishtirok etishi masalalari muhokama qilinadigan ishchi majlisida qatnashdi. Aʼzolar aloqalarni kengaytirish, ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan muzokaralar olib bordi.

Taʼkidlash lozimki, bugungi kunda “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti dunyoning turli davlatlaridagi, jumladan, Xitoydagi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan. Guylin universiteti bilan ham 2018-yilda hamkorlik bitimi imzolangan.

1 919
Gʻ.HASANOV, Muhammad AMIN (surat) OʻzA