O‘zA O`zbek

22.02.2019 20:04:12 Chop etish versiyasi

Indoneziyalik ulugʻ Shayx Ibrohim Zaynul Samarqand islom ulamolari avlodi boʻlgan


Ayni vaqtda Buxoroda davom etayotgan forum doirasida Oʻzbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini oshirishga va xorijiy tajribaga asoslanib yangi turizm mahsulotlarini shakllantirish mavzusida muloqotlar boshlandi.

Unda islom dinining tarqalishida oʻzbek olimlarining hissasi, musulmon sayyohlar uchun xalqaro reyting va uning mamlakat nufuzini oshirishdagi oʻrni, turizmning madaniy merosga taʼsiri kabi mavzular muhokama qilindi. Xorijiy mehmonlarning maʼruzalari tinglandi.

Muxlis Hanafi, Indoneziyadagi “Istiqlol” muzey direktori:

– Indoneziya hududida islom dinining tarqalishida Oʻzbekiston olimlarining oʻrni beqiyos. Buxoro Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Xoja Orif ar-Revgariy, Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol, Xoja Bahouddin Naqshband kabi ilm olamida tanilgan insonlar yurti.

Milodiy 9-15 asrlarda yurtingizda ilm va madaniyat eng yuksak darajaga yetgani tarixiy haqiqat. Bizning koʻpgina manbalarimizda islomning eng mashhur namoyandalari daryoning ortidan kelgani qayd etilgan.

Shaharlar misolida aytadigan boʻlsak, Buxoro, Samarqand, Xorazm kabi shaharlaringiz Arabistondagi Bogʻdod va Xalafa bilan mashhurlik borasida raqobatlasha oladi. Buxoro Qohira, Samarqand Bobil, Rim kabi shaharlar bilan ilm- fan borasida tengsizdir.

Indoneziyadagi ulamolar uchun darslik sifatida foydalaniladigan sufiylik tariqati asoschisi Bahouddin Naqshbandning asarlari biz musulmonlar qalbida oʻchmas iz qoldirgan.

Bizdagi taniqli Shayx Ibrohim Zaynul yurtingizning mashhur zotlari – Samarqandiylar avlodi boʻlgani haqida kitoblarimizda keltirilgan. 
Ammo, bizdagi aholining katta qismi islomni arab davlatlaridan kirib kelgan deb oʻylaydi.

Agarda ularga yurtingiz haqida koʻproq targʻibot ishlari olib borilsa, ziyorat turizmi uchun qulayliklar yaratilsa, bunday tushunchadan chekingan boʻlardi.

Xorijiy mehmon oʻz nutqida 1956 yil Indoneziyaning birinchi Prezidenti yurtimizga kelib, Imom Buxoriyni ziyorat qilgani haqida ham eslab oʻtdi. Ayni vaqtda Naqshbandiyning eng koʻp izdoshlari yashayotgan ushbu mamlakat bilan Oʻzbekiston davlati aloqalari rivojlanishidan har ikki davlat manfaatdor boʻlishini esa alohida qayd etdi.