O‘zA O`zbek

11.04.2019 11:48:15 Chop etish versiyasi

Hududlarda turistik zonalar va turistik klasterlarni tashkil etishning ahamiyati


Avval xabar berganimizdek, Jizzax shahrida O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda partiya Jizzax viloyati tashkiloti tomonidan «Turizm to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan mamlakatimiz turistik salohiyatini yuksaltirish, soha faoliyatini xalqaro talablar darajasida takomillashtirish va rivojlantirish borasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ochiq muloqotda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini imkon qadar qisqartirib, ular qonun loyihasining o‘zida aks ettirilmoqda. Xususan, Qonun loyihasining 3-moddasidagi asosiy tushunchalar takomillashtirildi. Mazkur modda «instruktor-yo‘lboshlovchi», «turistik mahsulot» hamda «turistik mahsulot buyurtmachisi», «ixtiyoriy turizm», «joylashtirish vositasi», «turistik yo‘nalish», «ekskursiyachi», «yo‘riqchi-yo‘lboshlovchi» kabi bir qator yangi tushunchalar kiritilgan bo‘lsa, «turizm», «turist», «gid», «tur», «turistik vaucher» kabi atamalar yanada aniqlashtiruvchi tahrirga aylantirildi.

Shu bilan birga, qonun loyihasida turizm faoliyatini tashkillashtirishni ta’minlaydigan turizm korxonalari — turizm operatorlari, turizm agentliklari, ekskursiya tashkilotlari, turizm firmalari turizm faoliyatini amalga oshirish huquqi faqat litsenziya asosida olib borilishi belgilab qo‘yilmoqda. Bu bilan qonuniy tartibda turizm faoliyatini tashkil etish istagida bo‘lgan istalgan yuridik yoki jismoniy shaxs mazkur litsenziya asosida erkin ravishda faoliyat yuritishi imkoniyati yaratiladi.

Qonun loyihsini maromiga yetkazish jarayonida bir qator xorijiy davlatlar — AQSh, Fransiya, Germaniya, Italiya, Angliya, Ispaniya, Rossiya, Turkiya, Gruziya, Ozarbayjon, Polsha, Belarus, Qozog‘iston kabi davlatlarning turizm sohasidagi qonunchiligi o‘rganilib, tahlil qilindi. Shuningdek, turizmga aloqador xalqaro shartnomalar jumladan, «Xalqaro turizm sohasidagi Manila deklaratsiyasi», «Ming yillik Osaka deklaratsiyasi» hamda xalqaro hujjatlar ya’ni, BMTning «Butun jahon turizm tashkilotining rezolyusiyasi»ning amaliyotda qo‘llanishiga e’tibor qaratildi.

– Jizzax viloyatiga 2018 yilda ichki turizm asosida 780 ming, xorijdan 5800 turistlar tashrif buyurgan, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i Aziz G‘aybullaev. – Viloyatda ayni paytda 22 ta mehmonxona, 3 ta tur operatori faoliyat ko‘rsatmoqda. 2019 yilda viloyatda 10 ta, 2020 yilda 15 ta mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan. Zomin, Forish tumanlarida ekoturizmni rivojlantirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Qonun loyihasida hududlarda turistik zonalar va turistik klasterlarni tashkil etish nazarda tutilayotgani muhim ahamiyatga ega. Bu bilan biz mamlakatimizga ko‘plab investorlarni jalb qilish, sayyohlik markazlarini ko‘paytirishga muvaffaq bo‘lamiz.

Ochiq muloqotda partiya faollari, deputatlar va soha mutaxassislaridan Sarvar Nazarqosimov, G‘ayrat Qodirov, Abdug‘ofur Mamatov, Hasanboy Ahmedovlar so‘zga chiqib, qonun loyihasiga takliflarini bildirdi.