O‘zA O`zbek

06.03.2019 Chop etish versiyasi

Hindistonlik sayyoh Sanket Manjarekar Oʻzbekiston avtolari, bozorlar va xorijlik investorlar haqida gapirdi

Hindistonlik sayyoh Sanket Manjarekar Oʻzbekiston avtolari, bozorlar va xorijlik investorlar haqida gapirdi

– Oʻzbekistonga sayohatimiz yakuniga yetay deb qoldi. Oʻzimizni shunchalik erkin his qildikki, vaqt qanday oʻtganini sezmay qoldik.

photo5474623250198800956.jpg
Ilk taassurotlarim bilan oʻrtoqlashay. Biz ichki ishlar idoralarida sarson boʻlmadik. Roʻyxatga olish tizimi elektron shaklda boʻlib, ortiqcha vaqt yoʻqotmadik. Bir hafta davomida mamlakatingizning turli goʻzal joylarida boʻldik.

Toshkent viloyatida joylashgan togʻ yonbagʻirlariga bordik. Bu yerning oʻzgacha iqlimi, tabiati koʻnglimiz qulfini ochib yubordi. Oʻzbekiston haqida, bu yerda yashab oʻtgan buyuk allomalar haqida eshitganmiz. Sayohatimiz davomida Samarqandda ham boʻldik. Bu zamindagi tarixiy obidalarni ziyorat qildik. 

Bizga hamrohlik qilgan gid mamlakatingiz tarixini shunchalik yoritib berdiki, goʻyo qadim tarix koʻz oʻngimizda qayta jonlangandek boʻldi. Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov mangu qoʻnim topgan maskanda ham boʻldik...

Samarqandga “Afrosiyob” elektropoyezdida borib keldik. Yoʻl azobi sezilmadi. Poyezdda yoʻlovchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar bizga maʼqul boʻldi.

Maʼlumki, hind xalqi achchiq taomlarni koʻp isteʼmol qiladi. Oʻzbekistonda ham hind taomlaridan tatib koʻrdik. Juda mazali. Turli millatga xos milliy taomlar pishirilishi eʼtiborimizni tortdi. Oʻzbek milliy taomlaridan, ayniqsa, norinning mazasi ogʻzimizda qoldi.

Men Hindistonda avtomobil savdosi bilan shugʻullanaman. Shu bois, Toshkentdagi mashina bozoriga bordim. Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan avtoulovlarni Hindistonda ham yaxshi bilishadi, sifatini yuqori baholashadi.

Men esa bu haqiqatni yana ham yaqindan koʻrdim, his etdim. Oʻzbek avtolari har tomonlama qulay va sifatli ekaniga yana bir bor amin boʻldim.

Bozorlarda boʻlib, xarid qildik. “Chorsu”, “Abu-Saxiy” bozorlari menda yaxshi taassurot qoldirdi. Samarqand viloyatida joylashgan bozorlardan osori atiqalar, qadimiy buyumlar sotib oldik.

Mamlakatingizda juda koʻp islohotlar amalga oshirilayotganiga guvoh boʻldik. Ayniqsa, Oʻzbekiston ulkan qurilish maydoniga aylanganini koʻrdik. Bundan xulosa qilish mumkinki, Oʻzbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanmoqda. Yana bir muhim jihat borki, bu xorijlik tadbirkorlarning Oʻzbekistondagi faoliyatiga doir. Mamlakatingiz xorijlik investorlar uchun ham katta imkoniyatlar hududiga aylangan.

5 395
Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA