O‘zA O`zbek

19.02.2019 Chop etish versiyasi

Hamkorlik aloqalari kengaymoqda

Hamkorlik aloqalari kengaymoqda

Pokiston Islom Respublikasidagi Oʻzbekiston turizm elchisi, “Qasim Ali Shah Foundation” jamoat fondi rahbari Qosim Alishoh boshchiligidagi ushbu mamlakat ishbilarmonlari Namanganda boʻldi. 

Namangan viloyati hokimi X.Bozorov Pokiston ommaviy axborot vositalari xodimlari, turistik kompaniyalar direktorlaridan iborat delegatsiya aʼzolari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ikki davlat rahbarlarining tashqi siyosat bobidagi ezgu saʼy-harakatlari samarasida oʻzaro savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalar koʻlami tobora kengayib borayotgani taʼkidlandi.

– Namanganga ziyorat turizmi yoʻnalishida sayyohlar jalb etish imkoniyatlarini oʻrgangani keldik, – deydi Qosim Alishoh. – Oʻzbekistonda toʻrtinchi bor boʻlishim. Har gal yurtingizga kelganimda turizm jadal rivojlanayotganiga guvoh boʻlaman. Xalqlarimizning urf-odat va anʼanalarida bir-biriga oʻxshash jihatlar koʻp. Bu turizm, xususan, ziyorat turizmi yoʻnalishidagi hamkorlikda muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Biz bugun nafaqat ziyorat turizmi, balki ekoturizm yoʻnalishida ham hamkorlik qilishga kelishib oldik. Vatanimizga qaytishimiz bilan amaliy ishlarga kirishamiz va shu yilning oʻzida yuzlab sayyohlarimizni Namanganga joʻnatamiz.

Bugun viloyatda 282 ta madaniy meros obyekti mavjud. Ularning 103 tasi arxitektura, 155 tasi arxeologiya yodgorligi va ziyoratgohlardir. Bir vaqtning oʻzida 1 ming 300 sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega 25 ta mehmonxona faoliyat yuritmoqda. Qator zamonaviy turistik loyihalar amalga oshirilayotgani esa ham ichki, ham tashqi turizmni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Oʻtgan yili viloyatga dunyoning 82 mamlakatidan koʻplab xorijiy sayyohlar kelgan. Uchrashuvda mehmonlarga viloyatning sayyohlik subyektlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Pokiston bilan hamkorlik bu boradagi imkoniyatlarni kengaytiradi.

Turizm rivojida ommaviy axborot vositalari ham muhim oʻrin egallaydi. Pokistonlik jurnalistlar Namangan viloyatining madaniy meros obyektlari haqida bepul videorolik va materiallar tayyorlash, ularni oʻz nashrlari, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish orqali targʻib qilish tashabbusi bilan chiqdilar. Bu borada namanganlik hamkasblar bilan mustahkam aloqa oʻrnatiladi. Pokistonning “Dispatch News Desk” nashri bosh muharriri Ogʻa Iqror Xorunning aytishicha, shu yil mart oyida Namanganga Pokistonning yetakchi nashrlari ijodiy xodimlaridan iborat delegatsiya ishtirokida infotur tashkil etiladi. Bu sayyohlar oqimining yanada koʻpayishiga taʼsir koʻrsatadi.

Pokistonlik mehmonlar Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Axsikent arxeologik yodgorligi, Chortoq tumanidagi Sulton Uvays Qaraniy kabi ziyoratgohlar va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan tanishdi.

3 131
Akromjon Sattorov, OʻzA