O‘zA O`zbek

12.05.2019 10:30 Chop etish versiyasi

Germaniyalik oila mashinada Oʻzbekistonga 66 kunda yetib keldi

Germaniyalik oila mashinada Oʻzbekistonga 66 kunda yetib keldi

2500 ming yildan ziyod tarixga ega Xiva shahri qiyofasi doimo mahalliy va xorijlik turistlarni oʻziga jalb qilgan. Ularni maftun etgan tarixiy obidalardan biri Ichan qalʼa tarixiy-meʼmoriy majmuasidir.

Umumiy maydoni 26 gektar boʻlgan qalʼada 54 tarixiy arxitektura yodgorligi joylashgan. Qalʼani oʻrab turgan devorning eni 5-6 metr, uzunligi 2200 metrni tashkil etadi.

YUNESKOning Umumjahon merosi obyektlari roʻyxatiga kiritilgan Ichan qalʼa tarixiy-meʼmoriy majmuasiga 4 darvoza orqali kiriladi. Ular Ota darvoza, Bogʻcha darvoza, Tosh darvoza va Polvon darvoza deb ataladi. Bugungi kunda majmuada 40 mingdan ziyod eksponat saqlanmoqda.

Qalʼa darvozasi yaqinida uzoq yoʻlga moslashtirilgan mashinasi oldida oilasi bilan ovqatlanib oʻtirgan sayyohga koʻzimiz tushdi. Mashhur fokuschi Tobi Van Deisner turmush oʻrtogʻi va hali ikki yoshga toʻlmagan oʻgʻli bilan Germaniyadan mashinada 11342 kilometr yoʻl bosib 66 kunda Oʻzbekistonga yetib kelgan. Ular Buyuk ipak yoʻli boʻylab sayohatni boshlashgan edi.

photo_2019-05-12_11-13-23.jpg

Sayyohlar10 oy ichida turli mamlakatlar va odamlarning yashash tarzi bilan tanishishni maqsad qilishgan. Ular 2019 yilning sentyabr oyigacha Xitoyning shimoliy qismidan janubigacha kesib oʻtmoqchi. Keyin Laos, Tailand va Malayziyaga borib sayohatni yakunlaydi.

– Oʻzbekistonga yetib kelganimizga toʻrt kun boʻldi, – deydi Tobi Van Deisner. – Yurtingizga oʻndan ortiq davlatdan oʻtib, yetib keldik. Bu mamlakatga kelish koʻp yillik orzuyim edi. Men yurtingiz haqida juda koʻp kitoblar oʻqiganman. Oʻsha kitoblar orqali Oʻzbekiston haqida koʻp maʼlumotlarga ega boʻldim va bu oilamizni vataningizga sayohat qilishga undadi. Turmush oʻrtogʻim bilan mamlakatingizdagi tarixiy obidalar, xalqingiz urf-odatlarini oʻz koʻzimiz bilan koʻrishga oshiqdik. Xivaga kelishdan avval Nukusda boʻldik. Nukus bilan Orol dengizi va hatto Xivaning ham tabiati, odamlari bir-biridan farq qilar ekan. Bu bizda katta taassurot qoldirdi. Bugun Buxoroga, keyin Samarqandga yoʻl olamiz.

photo_2019-05-12_11-13-25.jpg

Nazarimda Buxoro va Samarqandning tabiati va odamlari ham oʻzgacha boʻlsa kerak. Xivada bir oilani uchratdik. Ular bizga juda koʻp yordam berishdi. Eng qizigʻi esa samimiy, dilkash va mehmondoʻstliklari bir-biridan umuman farq qilmaydi. Sayohatimiz haqida batafsil maʼlumot polarsteps.com/sirmobi va shaxsiy veb-saytimda berib borilmoqda. Unda boshimizdan oʻtganini yozamiz, suratlar va video joylashtiramiz. Bu Oʻzbekistonga turistlar oqimini koʻpaytirishga xizmat qiladi, deb oʻylaymiz.

photo_2019-05-12_11-13-28.jpg

photo_2019-05-12_11-13-30.jpg

photo_2019-05-12_11-14-10.jpg

Xurshid Qodirov, Jonibek Qoʻzimurodov (surat) OʻzA
52 219