O‘zA O`zbek

24.03.2019 Chop etish versiyasi

Germaniyada vatandoshlar forumi oʻtkazildi

Germaniyada vatandoshlar forumi oʻtkazildi

Navroʻz bayrami tantanalari Germaniyada hamon davom etmoqda. Oʻzbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi bosh konsulxonasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda “Humo” Olmon-Oʻzbek madaniy jamiyati tomonidan vatandoshlar forumi tashkil etildi.

Unda Frankfurt-Mayn shahrida istiqomat qilayotgan 200 dan ortiq vatandoshimiz, mahalliy aholi va tadbirkorlar qatnashdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati OʻzAga maʼlum qildi.

Forum xorijdagi vatandoshlar bilan amaliy muloqotni yoʻlga qoʻyish, hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish, yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish maqsadida tashkil etildi. Oʻzbekistonning turizm brendini jahon miqyosida keng ommalashtirishda vatandoshlar rolini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbir ochilishida soʻz olgan Oʻzbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi bosh konsuli E.Xamrayev ishtirokchilarni Navroʻz bilan tabriklab, ularni yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar bilan tanishtirdi. Oʻzbek diasporasi vakillarini yurtimizdagi islohotlar jarayonida ishtirok etishga chaqirdi.

Shuningdek, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi U.Saidov Germaniyadagi vatandoshlarni yurtimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Oʻzbekistonning turizm salohiyatini jahon miqyosida keng tanitish yoʻnalishida olib borilayotgan jarayonlar va ularning dastlabki natijalari bilan tanishtirib, hamyurtlarimizni mamlakatimiz turizm brendini targʻib etish va turli loyihalarda faol ishtirok etishga jalb etdi.

Tadbir davomida turli madaniy va musiqiy chiqishlar, anʼanalarimizni namoyish qiluvchi sahna koʻrinishlari, milliy oʻyinlarimiz tashkil etildi. Xususan, Oʻzbekistondan tashrif buyurgan “Tasanno” va “Stereo” musiqiy guruhlari xorijda yurt sogʻinchi bilan yashayotgan oʻzbekistonliklar uchun haqiqiy Vatan muhitini yaratib, tadbir jozibador kuy-qoʻshiqlar bilan davom etdi.

Germaniyaning “Globalis Erlebnisreisen” sayyohlik kompaniyasi bilan Germaniyada Oʻzbekiston turizm imkoniyatlarini kengroq targʻib qilish boʻyicha yangi loyihalar amalga oshirishga kelishib olindi.

Tadbirda maxsus ijodiy burchak tashkil etilib, unda oʻzbek xalq hunarmandchiligi namunalari namoyishga qoʻyildi hamda Oʻzbekiston turizm salohiyatiga oid targʻibot materiallari tarqatildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi delegatsiyasining tashrifi davom etmoqda.

2 831
OʻzA