O‘zA O`zbek

22.03.2019 Chop etish versiyasi

Germaniyada Navroʻz bayrami shukuhi

Germaniyada Navroʻz bayrami shukuhi

Oʻzbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Frankfurt-Mayn shahrida Navroʻz bayrami munosabati bilan turli tadbirlar tashkil etildi.

Tadbirning rasmiy ochilishida soʻzga chiqqan Frankfurt-Mayn shahri hokimining oʻrinbosari Silvia Veber ishtirokchilarni Navroʻzi olam bilan tabriklab, Oʻzbekistonning boy madaniyati, tarixi, urf-odatlari, anʼanalari va turizm salohiyatini yuqori baholadi. Bu kabi tadbirlar nemis va oʻzbek xalqlari oʻrtasida oʻzaro bagʻrikenglik va doʻstlik aloqalarini hamda turizm sohasida hamkorlikni mustahkamlashda muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.

photo5233300050132708396.jpg

Tadbir davomida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi koʻmagida ijodiy safari tashkil etilgan “Tasanno” guruhining chiqishlari xorijlik mehmonlarda Oʻzbekiston sanʼati va madaniyati haqida iliq taassurot qoldirdi. Shuningdek, tadbirda oʻzbek xalq hunarmandchiligi namunalari namoyish etildi.

Ishtirokchilarga Oʻzbekistonning turizm salohiyatiga oid nemis tilida turli targʻibot materiallari tarqatildi.

Bundan tashqari, tadbir davomida Navroʻz taomlari boʻlgan – sumalak, halim, koʻksomsa, palov va boshqa taomlar tayyorlanib, tadbir ishtirokchilariga ulashildi.

“Bugungi tadbirning tashkil etilganidan juda xursandman. Navroʻz bayrami dunyoning koʻpgina davlatlarida keng nishonlanadi, turli millatlar madaniyatida oʻziga xos oʻrin tutadi. Alohida taʼkidlash oʻrinli, Oʻzbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar germaniyaliklarning katta qiziqishiga sabab boʻlmoqda. Umid qilamanki, keyingi yil ham albatta bugungi kabi tadbirni birga nishonlaymiz” – deydi Frankfurt-Mayn shahri hokimining oʻrinbosari Silvia Veber.

“Bugun frankfurtliklar ajoyib musiqa va oʻzbekcha raqslarga guvoh boʻlishmoqda, avvallari hech qachon totib koʻrmagan somsa yoki palovlarni totib koʻrish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Albatta, Oʻzbekistonga sayohat qilib, tarixiy shaharlarni, oʻzbek xalqining boy urf-odatlari, milliy liboslari-yu ajoyib tabiati bilan yaqindan tanishish niyatidaman.” – deydi Frankfurt-Mayn shahri mahalliy kengashi deputati Albina Natsarenus-Fetter. 

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi delegatsiyasining tashrifi davom etmoqda.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.

3 404
OʻzA