O‘zA O`zbek

07.04.2019 Chop etish versiyasi

Fransiyalik mutaxassislar Bo`stonliqda

Fransiyalik mutaxassislar Bo`stonliqda

Toshkent viloyatiga 2017 yilda 72 mingdan ziyod xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. 2021 yilga borib viloyatda bu ko`rsatgich 150 mingga etishi, o`z navbatida mintaqada turistik xizmatlar eksporti 100 million dollardan oshishi kutilmoqda.

Bu haqda viloyat turizmni rivojlantirish departamenti xabar qilmoqda. Xabarda qayd etilishicha, viloyatda turizm infratuzilmasini yaxshilash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2017 yil 5 dekabrdagi "Chorvoq" erkin turistik zonasini tashkil etish to`g`risida”gi farmoni bu boradagi ishlar rivojida muhim dasturilamal vazifasini o`tayotir.

Mazkur hujjatga muvofiq, ayni paytga qadar hukumatning tegishli qarori bilan "Chorvoq" erkin turistik zonasining chegarasi, erkin turistik zonani yanada rivojlantirish kontseptsiyasi, Ustavi, yo`l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi tasdiqlangan. "Chorvoq" erkin turistik zonasi direktsiyasi" faoliyati yo`lga qo`yilgan.

Ayni paytda bu erda Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan farmoni ijrosini ta`minlash, xususan xalqaro maslahatchilarini jalb qilgan holda erkin turistik zonaning bosh rejasi va hududning batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqish bo`yicha ish olib borilmoqda. Bu borada Frantsiyaning “Geode”, “Orex Loisirs”, “Patriarx”, “Epod” va “CDA Management” kabi etakchi kompaniyasi mutaxassislari tomonidan Beldirsoy, Chimyon va Nanay hududida o`rganish va tekshiruv ishlari o`tkazilmoqda.

Ma`lumotlarga ko`ra, Fransuz kompaniyalari konsortsiumi joriy yil may oyiga qadar mazkur hududlarning turizmni rivojlantirishga oid bosh rejasini ishlab chiqishni yakunlaydi. O`z navbatida “Chorvoq” erkin turistik zonasi Direktsiyasi” Davlat unitar korxonasi tomonidan horijiy va mahalliy investorlarga Chorvoq ko`li sharqiy qirg`og`i va Chimyon - Beldirsoy hududlarida qishki va yozgi sport inshootlari, suv parklari, ekoturizm yoki alpinizmni rivojlantirish markazlari, zamonaviy mehmonxona komplekslari, dam olish maskanlari, sog`liqni saqlash va boshqa turistik ob`ektlar, shuningdek, zamonaviy muhandislik inshootlari loyihalarni taqdim etiladi.

2 469
A.Xudoyqulov, O`zA