O‘zA O`zbek

21.02.2019 Chop etish versiyasi

Fransiyalik mehmon: “Bizning hayotimiz havas qilishga arzimaydi”

Fransiyalik mehmon: “Bizning hayotimiz havas qilishga arzimaydi”

Hindiston, Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Eron, Fransiya kabi bir qator davlatlarning islom diniga eʼtiqod qiluvchi fuqarolari ishtirok etayotgan I Xalqaro ziyorat turizmi forumi davom etmoqda.

Ishtirokchilarning har biri VIII asrda arab istilosi natijasida islom dini joriy etilgan Buxoro asta-sekin eng muhim diniy markazga aylangan va tobora koʻproq “Buxoroi Sharif” deb atala boshlangani borasidagi fikrlarni turli shaklda bayon etishmoqda.

Mehmonlar avliyolar qadami tekkan zaminimizdagi tabarruk maskanlarni ziyorat qilishga oshiqmoqdalar.

– Oʻzbekistonga borib, Paygʻambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamdan boshlangan “oltin silsila”ning davomchilaridan Bahouddin Naqshband ziyoratgohida namoz oʻqishni shu kunga qadar orzu ham qilmagandim, – deydi Fransiyaning Musulmonlar madaniyati kengashi prezidenti Ahmet Ogrash. – Yurtingizda boshlangan ezgulik shamollari bizni shu manzilga olib keldi. Bu yerning ob-havosi, insonlarining bir-biriga iliq va samimiy munosabatidan hayratga tushdim. Sizlardan oʻrganadigan narsalarimiz juda koʻp. Insonlarning odob-axloqi, maʼnaviyati havas qilgudek. Keyingi safar yaqin doʻst-birodarlarimni ham yurtingizga taklif qilaman.

Shu oʻrinda bir soʻzim bor: ayni vaqtda sizlar qiziqib, intilayotgan bizning hayotimiz havas qilishga arzimaydi.

Hozir forumning VIP-ishtirokchilarini jalb qilgan holda mahalliy va xorijiy OAV uchun matbuot anjumani oʻtkazilmoqda.
Qayd etish joizki, ertaga forum doirasida Oʻzbekistonni ziyorat-turizmining markazlaridan biri sifatida eʼtirof etish toʻgʻrisidagi Buxoro deklaratsiyasini imzolash kutilmoqda.

14 074
Sayyora Shoyeva, OʻzA