O‘zA O`zbek

14.06.2019 Chop etish versiyasi

Fransiya yoshlar bilan ishlash sohasida Oʻzbekiston tajribasini oʻrganmoqchi

Fransiya yoshlar bilan ishlash sohasida Oʻzbekiston tajribasini oʻrganmoqchi

Fransiya Xalqaro birdamlik va taʼlim yoshlar assotsiatsiyasi fransuz yoshlarining xorijiy mamlakatlar yoshlari bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyish, ularning kasbiy koʻnikma va malakasini oshirish, oʻzaro madaniy va taʼlim almashinuvlarini tashkil qilishga yoʻnaltirilgan faoliyat bilan shugʻullanadi.

Assotsiatsiya prezidenti Alan Paye Oʻzbekiston – Fransiya yoshlari oʻrtasida hamkorlikni rivojlanishtirish, yoshlar bilan ishlash sohasida Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish istagida. U oʻzining ushbu yoʻnalishdagi rejalari haqida ommaviy axborot vositalari bilan suhbatda quyidagilarni bildirgan.

– Bugungi kunda Oʻzbekistonda yoshlar siyosatiga alohida eʼtibor berilmoqda. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlari navqiron avlod huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.

Oʻzbekiston yoshlar bilan ishlashdagi xalqaro hamkorlik sohasida ham boy tajribaga ega. Xorijda tahsil olayotgan va mehnat faoliyatini olib borayotgan yigit-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni mamlakat hayotida kechayotgan islohotlar jarayoniga jalb qilish borasidagi ishlar shular jumlasidan. Chet davlatlarda tashkil etilayotgan Oʻzbekiston yoshlar tuzilma va tashkilotlari mamlakat yoshlarining xorijlik vatandoshlar bilan oʻzaro hamkorligini mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Shu kabilarni inobatga olgan holda assotsiatsiyamiz Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish maqsadida. Joriy yil oktyabr oyida tashkilotimiz vakillarining mamlakatingizga ilk safarini amalga oshirish niyatidamiz. Uchrashuvlar va muzokaralar chogʻida yoshlar turizmi sohasida oʻzaro tajriba almashishlarni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2020-yil aprel oyida fransuz yoshlari delegatsiyasining Oʻzbekistonga navbatdagi safarini tashkil etib, Yoshlar ittifoqi bilan birgalikda mamlakatning boy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishish, birgalikda turli mavzularda anjumanlar oʻtkazish koʻzda tutilgan.

Turizm sohasiga innovatsiyalar joriy qilish, sayyohlikni yangi yoʻlanishlar hisobiga rivojlantirish boʻyicha yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, yoshlar xostellarini (Youth Hostels) tashkil etish ham tomonlar uchun qiziqarli boʻladi, degan umiddamiz.

“Dunyo” – OʻzA
Parij

14 455
O'zA