O‘zA O`zbek

07.02.2020 Chop etish versiyasi

Endi sayyohlik ob’ektlarining ish sifatini onlayn baholash mumkin

Endi sayyohlik ob’ektlarining ish sifatini onlayn baholash mumkin

Turizm ob’ektlarida mahalliy va xorijiy sayyohlarga taqdim etiladigan xizmatlar sifatini oshirish va uni baholash maqsadida “Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” Davlat unitar korxonasi tomonidan “QR-so‘rovnoma” loyihasi yo‘lga qo‘yildi, deyiladi Turizmni Rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabarida.

Markaz tomonidan sertifikatlashtirish jarayonini soddalashtirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, sohaga oid yangi davlat standartlarini ishlab chiqish va mavjudlarini mukammallashtirish, shuningdek axborot texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Xususan, o‘zaro tezkor va qulay axborot almashinuvi uchun bugungi kunda imkoniyatlarni kengaytiruvchi QR texnologiyalar shular jumlasidandir.


“QR-so‘rovnoma“ – turistik industriya ob’ektlarining ishini baholashning qulay usuli bo‘lib turistik industriya ob’ektlarida sayohatchilarga taqdim etiladigan xizmatlar sifati to‘g‘risida turistlarning fikrini aniqlashga imkon beradi. Bular: mehmonxonalar, xostellar, aeroportlar, temir yo‘l va avtobus vokzallari, restoranlar, kafe, me’moriy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar, muzeylar, teatrlar, tog‘ chang‘isi trassalari va boshqalardir. So‘rovnoma shuningdek turoperatorlar, gidlar va tarjimonlarning xizmatini baholash imkoniyatini ham beradi.

Sayyoh maxsus axborot stikerida aks ettirilgan QR-kodni skanerlash uchun mobil ilovadan foydalangan holda taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini onlayn baholashi mumkin.

O‘z smartfoni yoki planshetidagi maxsus ilova yordamida sayyoh stikerda joylashtirilgan QR – kodni o‘qiy oladi. QR-kod skanerlangandan keyin mobil qurilma markaz veb-saytidagi so‘rovnomaga havolani oladi.
Agar QR-kodni skanerlash uchun zarur ilova bo‘lmasa stikerda ko‘rsatib o‘tilgan havola bo‘yicha ham so‘rovnomaga o‘tish mumkin.

So‘rovnoma bilan ishlashdan oldin sayyoh uni to‘ldirish uchun o‘zbek, ingliz yoki rus tillaridan birini tanlab olishi zarur. Keyin o‘zi xizmatlarini baholamoqchi bo‘lgan turistik ob’ekt turini tanlashi lozim.

Loyihaning birinchi bosqichida axborot stikerlari respublikamizning joylashtirish vositalarida joylashtiriladi.
QR-so‘rovnoma natijalarining monitoringi har kuni olib boriladi, bu esa muammoli holatlarga tez javob berish va sayyohlarga xizmat ko‘rsatishda aniqlangan kamchiliklarni muntazam bartaraf etishga imkon beradi.

48 465
O‘zA