O‘zA O`zbek

14.05.2019 Chop etish versiyasi

Dehlida Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish etildi

Dehlida Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish etildi

Mamlakatimizning Hindistondagi elchixonada “Madaniy muloqot: Oʻzbekiston turizmi va pazandachiligi” nomli tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbir turli sohalarda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi 100 mingdan ziyod ayolni birlashtirgan «Magicka” Hindiston tadbirkorlar forumi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda ishbilarmonlar doiralar vakillari, olimlar, rassomlar, jurnalistlar, Hindiston universitetlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar qatnashdi.

Ishtirokchilarga dastlab Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Hindistonlik ekspertlar maʼruzalari, shuningdek, videokonferens-aloqa orqali Oʻzbekiston tadbirkor ayollar uyushmasi raisi Gulnora Mahmudovaning taqdimoti tinglandi.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston amaliy sanʼati namunalari, oʻzbek milliy liboslari va taomlari koʻrgazmalari tashkil etildi. Mehmonlarga yurtimizning sayyohlik salohiyati haqidagi videotaqdimot namoyish etildi. 

photo5393187333077052028.jpg

Ishtirokchilar bunday tadbirlar “xalq diplomatiyasi”ning muhim vositasi ekanini va hind xalqini Oʻzbekistonning serqirra madaniyati bilan yaqindan tanishtirish imkonini berishini taʼkidladi.

– Oʻzbekiston madaniyati va sayyohlik salohiyatini namoyish etuvchi mazkur tadbirda ishtirok etganimdan juda mamnunman, – deydi Oʻzbekistonning Hindistondagi turizm va madaniyat elchisi Ritu Beri. – Hind va oʻzbek xalqlarining madaniyati va sanʼati oʻxshash, mamlakatlarimiz oʻrtasida tarixiy doʻstona munosabatlar qaror topgan. Bunday tadbirlar xalqlarimizning yaqinlashuviga va Oʻzbekistonning boy turizm imkoniyatlarini keng targʻib etishga xizmat qiladi.

– Hind kino sanʼati vakili sifatida shu yil avgust oyi boshida Hindiston – Oʻzbekiston kinofestivalini oʻtkazishni rejalashtirayotganimizni maʼlum qilmoqchiman, – deydi “Marwah Studio” kinokompaniyasi prezidenti Sandip Marva. – Bu mamlakatlarimiz madaniy aloqalarini yanada mustahkamlaydi, degan niyatdamiz.

2 317
OʻzA