O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Dalvarzintepa – arxeologik turizm maskaniga aylanmoqda

Dalvarzintepa – arxeologik turizm maskaniga aylanmoqda

Surxondaryo viloyatidagi Dalvarzintepa yodgorligida bundan 48 yil muqaddam 36 kilogramm oltin xazina topilganini eshitganmisiz?

Oʻshanda taniqli arxeolog olim Bahodir Turgʻunov qazish ishlarini olib borayotganida 115 xil tilla buyum joylangan sopol koʻzaga duch kelgan. Gardish buyumlar, quyma yombilar, erkak va ayollarning turli taqinchoqlaridan iborat javohirotda feruza koʻzli, zarhal iplardan ishlangan nafis marjonlar ham joy olgan. Bu zebu-ziynatlar antik dunyo zargarlik sanʼatining noyob namunasi sifatida hozir ham oʻz qadr-qimmatini yoʻqotmagan.

Shoʻrchi tumanidagi qadimiy tepalik Kushonlar davri madaniyati saqlanib qolgan noyob yodgorlik sifatida jahonga tanilgan. Dalvarzintepani dunyoga tanitishda yaponiyalik taniqli qadimshunos olim Kyudzo Katoning ham alohida xizmati bor. Koʻp yillar bu yerda arxeologik tadqiqot ishlarini olib borgan hassos arxeolog Kushon podsholigi davriga oid koʻplab asori-atiqalarni topib, ularni ilmiy jihatdan oʻrgandi. Buyuk oʻtmishimizning nafis qirralarini, jahonga keng tarannum etish va avlodlarga yetkazishga munosib hissa qoʻshdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-maydagi “Surxondaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori tarixi uzoq-uzoq oʻtmishga borib taqaladigan Dalvarzintepani sayyohlik makoniga aylantirishning yangi yoʻnalishlarini belgilab berdi.

– Bu vazifalarni amalga oshirish Dalvarzintepa oʻz bagʻriga chorlayotgan sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratishi bilan ham ahamiyatli boʻldi, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, yosh arxeolog Z.Alimardonova. – Hudud obodonlashtirilib, infratuzilmasi yana-da yaxshilanadi. Keng, ravon yoʻllar barpo etiladi. Kyudzo Kato yashab, faoliyat olib borgan hovliga tutash xonadonlarda mehmon uylari, choy tayyorlash marosimi xonalari, yapon uslubida tamaddixona va savdo nuqtalari tashkil etiladi. Arxeologik yodgorlik muzeylashtiriladi. Zamonaviy sanitar-gigiyenik shoxobchalar, tomosha maydonlari, soʻqmoqlar va tungi yoritgichli chiroqlar tashkil etiladi.

Kushon podshohligining ilk poytaxti boʻlgan Dalvarzintepa yodgorligida tadqiqot maydonlarini kengaytirish, Kyudzo Kato uy muzeyini barpo etish ham rejalashtirilgan. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi mutasaddilari yodgorlik joylashgan hududda boʻlib, mazkur hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirdi. Bu yerda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Oʻtgan yili mahalladagi 43-umumtaʼlim maktabiga yaponiyalik hassos professor Kyudzo Kato nomi berilib, buyuk qadimshunosning noyob topilmalari oʻrin olgan muzey tashkil etildi. Ayni paytda qadimshunos yashagan hovlini taʼmirlab, uning hayotini aks ettiruvchi uy muzeyiga aylantirish boʻyicha loyiha ishlari olib borilmoqda. Avtoturargoh va sanitariya-gigiyena shoxobchasini qurish uchun yer maydonlari ajratildi. 43-umumtaʼlim maktabini yapon usulida mukammal taʼmirlash yuzasidan loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanayotir. Ushbu taʼlim muassasasi negizida Kyudzo Kato nomidagi yapon va ingliz tillarini chuqur oʻrganishga ixtisoslashtirilgan “Yosh arxeologlar” maktabining nizomi tayyorlanib, davlat roʻyxatidan oʻtkazish choralari koʻrilmoqda.

Mahalliy va xorijlik qadimshunoslar Dalvarzintepada qariyb oltmish yildan buyon arxeologik tadqiqot olib borib, bu yerda qadimgi shahar zodagonlari uylari, ishlab chiqarish inshootlari, shu jumladan kulol ustalar mahallasi va xumdonlar, diniy inshootlar, shaharning buddaviylik ibodatxonalari, mudofaa istehkomlarini atroflicha oʻrgangan. Koʻplab arxeologik ashyoviy manbalar jumladan, yuksak did bilan yaratilgan badiiy sanʼat namunalari, badiiy metall buyumlar va hunarmandchilik namunalarini topishgan. Budda ibodatxonasining qoldiqlari, buddaning boshi, qimmatbaho fil suyagidan tayyorlangan shaxmat donalari, gipsdan ishlangan nafis haykallar, mis tangalar, mis koʻzgular, fil suyagidan tayyorlangan taqinchoqlar, shoshqol oʻyin donalari singari topilmalar bu makonning qadimdan goʻzal shahar va qasrlarga ega madaniyat, sanʼat, tijorat rivojlangan hudud boʻlganini jonli hikoya qiladi.

Mamlakatimizning boy oʻtmishidan soʻzlovchi bu yodgorlikda joriy yildan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar Dalvarzintepani dunyo ahlini maftun etadigan arxeologik turizm maskaniga aylantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli boʻlmoqda.

17 032
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, OʻzA