O‘zA O`zbek

21.02.2019 17:45:55 Chop etish versiyasi

Buxoroda beshta toqi boʻlgan, shundan uchtasi omon qolgan


Forum doirasida ishtirokchilar Shofirkon, Romiton, Vobkent, Kogon tumanlarida joylashgan qadamjolarni ziyorat qilishda davom etmoqda.

Ayni vaqtda Toqi zargaron boʻylab ketyapmiz.

“Zargarlar toqisi, yaʼni savdo rastasi – deya tushuntiradi gid. – Buxoroda beshta toqi boʻlgan, shundan uchtasi omon qolgan, bular – Toqi sarrofon, pul maydalovchi, ayirbosh qiluvchilar, Toqi telpakfurushon, bosh kiyim bilan savdo qiluvchilar va mana shu Toqi zargaron”.

Sayyohlarga nomi dastlab IX asrda tarixchi Narshaxiy tomonidan zikr etilgan, Buxoro soʻzi sanskritcha “vixara” soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, “qalʼa” degan maʼnoni bildirishi haqida ham maʼlumotlar berildi.

– Biz Yaponiya, Koreya va Gonkongda yashaydigan musulmon eʼtiqodiga mansub boʻlgan insonlarni Haj va Umra ziyoratiga yuborish bilan shugʻullanamiz, – deydi “Air I travel Korea” kompaniyasi prezidenti Reda Kenavi. – Har oyda 700 ortiq insonni Hajga, 45-50 nafar insonni esa Umraga yuboramiz. Bugun yurtingizda juda qadimiy qadamjolar, aziz avliyolarning xoki borligini oʻz koʻzim bilan koʻrdim.

Bahouddin Naqshband haqida bilmasdim. Misrda tahsil olish davrida naqshbandiya tariqati haqida eshitgan, oʻqigan edik. Lekin u qayerda rivojlangan, paydo boʻlgani haqida maʼlumotga ega emasdik.

Forum ishtirokchilari ziyorat-turizmning boshqa obyektlari – Mir Arab madrasasi, Masjidi Kalon, Minori kalon, yaʼni Poyi Kalon majmuasida ham boʻlishdi.

Shu oʻrinda Masjidi Kalon Turonzaminda barpo etilgan birinchi Islom ibodatxonasi boʻlib, 770-771 yillarda qurilgani bilan mehmonlar eʼtiborini tortdi.

Hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy bir necha oʻn yillik xorij safaridan qaytib kelib, Masjidi Kalonda maʼruza qilganlarida bir vaqtning oʻzida oʻn mingga yaqin odam saboq olar ekan. Ismoil Somoniy amirligi davrida masjid shu qadar kengayib ketadiki, yuz ming odam bemalol namoz oʻqishi mumkin boʻladi. 1068 yilda jomeda yongʻin chiqadi va bir asrdan ziyodroq davr mobaynida masjid qarovsiz qolib, 1121-1122 yillarda qaytadan tiklanadi. Biroq, moʻgʻullar bosqinida yana vayronaga aylangan masjid temuriylar davrida qayta tiklanadi.

– Buxoro shahridagi yodgorliklar, tor koʻchalarini kezganda ajib qadimiylikni his qilasiz, koʻngilda ajoyib taassurotlar uygʻonadi, – deydi Koʻnya shahri muftiysi Ahmet Poʻchonoʻgʻlu. – Ayniqsa, dunyoga mashhur tarixiy obidalar, eng qadimiy va chiroyli yodgorliklar meni oʻziga maftun etdi. Axir, Buxoro islom madaniyatida Makkai Madinadan soʻng eng muqaddas shahar hisoblanadi. Shuning uchun islom olami yurtingiz tomon talpinadi. Oʻzbekiston biz uchun ham juda qadrli mamlakat. Shu bois bizning hayajonimizni tushunasizlar degan fikrdanman. Bizda ayniqsa, Naqshbandiya taʼlimotiga boʻlgan qiziqish, uning xoki poyni ziyorat qilish istagi gʻoyatda katta.