O‘zA O`zbek

13.04.2019 14:42 Chop etish versiyasi

Buxoro shahridagi eko-kafe sayyohlarga nimasi bilan manzur boʻldi?

Buxoro shahridagi eko-kafe sayyohlarga nimasi bilan manzur boʻldi?

Har bir hududning sayyohlarni jalb qiladigan tomonlari boʻladi. Bu borada Buxoro shahrida imkoniyatlar juda koʻp. Kelayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlarga koʻrsatilayotgan turli xizmatlar ham eʼtibordan chetda qolmasligi muhim masala.

Buxoro shahrida bir paytning oʻzida 65 kishiga xizmat koʻrsatadigan “Terrace” deb nomlangan eko-kafe ish boshladi. Mazkur xizmat maskanining oʻziga xos jihatlari bisyor.

Avvalo, u faqat tabiiy mahalliy material – yogʻochdan ishlangan. Biror qismida metall moslama, hatto mix ham ishlatilmagan. Binoning yuqori va pastki qismlarini choʻpkori “konstruksiya” mustahkamlab turadi. Yogʻoch imorat tevarakdagi gʻishtin qadimiy obidalar tusiga mos.

Bir tom ostidagi bino ichida alohida 7 ta boʻlma – xona boʻlib, ularni kichik yoʻlakchalar ajratib turadi. Kafe ichkarisida yengil shabada esib turishi havoning haroratli kunlari kishiga yoqimli kayfiyat bagʻishlaydi.

photo5298643828602940354.jpg

Milliy va Yevropa taomlariga buyurtma berib, xontaxta atrofida ovqatlanish, qahva yoki bir piyola choy ustida suhbat qurish mumkin.

Eko-kafening nomiga xos yana bir jihati bor. Bu yerda turli kimyoviy yaʼni taʼm beruvchi, xushboʻy aralashmalardan tayyorlangan sharbatlar berilmaydi. Ularning oʻrniga meva va sabzavotlardan tayyorlanadigan ekologik toza sharbatlar taklif qilinadi.

– Qadimiy shahringizni tomosha qiladigan mehmonlar uchun meʼmoriy obidalarga yaqin joylarda qulayliklar yaratilgani bizga yoqdi, – deydi oila aʼzolari bilan Buxoroga sayohatga kelgan Janubiy koreyalik Chong Byon. – Bu eko-kafe ham bizga manzur boʻldi. Muhimi, sharqona uslubdagi imoratda hammasi milliy va oddiy. Kafe shunday joyda qurilganki, atrofdagi qadimiy yodgorliklar koʻzga tashlanib turadi.

photo5298643828602940356.jpg

photo5300822644037364296.jpg

Erkin Yodgorov, OʻzA
4 536