O‘zA O`zbek

20.02.2019 16:38:51 Chop etish versiyasi

Buxoro shahri mehmonlarni kutib olishga tayyor


Xabaringiz bor, 21-23 fevral kunlari Buxoro shahrida Ziyorat turizmi boʻyicha birinchi xalqaro forum oʻtkaziladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan mazkur forumda yigirmadan ziyod mamlakatdan ulamolar, islomshunos olimlar, OAV xodimlari va sayyohlik tashkilotlari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Yaponiya, Tailand, Janubiy Afrika, Koreya Respublikasi kabi davlatlar ziyorat turizmi borasida Oʻzbekistonning yangi hamkorlari hisoblanadi.

Forumdan koʻzlangan maqsad mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini oshirish hamda Oʻzbekistonning islom dunyosidagi ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida xalqaro miqyosda tan olinishiga erishishdan iborat.

Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatida ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida eʼtirof etilishi umumiy maʼnoda mamlakatda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish va turistlar oqimini sezilarli darajada oshirishga toʻrtki beradi. Zero, Islom dunyosining eng qimmatbaho Qurʼoni karim namunalaridan biri - Xalifa Usmon Qurʼon kitobi saqlanuvchi Hazrati Imom majmuasi, buyuk islom imomi Muhammad Al Buxoriy maqbarasi, Naqshbandiya tariqati izdoshlari qabrlari va shu kabi koʻplab boshqa diniy markazlar mavjudligi bois yurtimizga qiziqayotgan sayyohlar soni yil sayin ortmoqda.

Forumda yurtimiz hunarmandlarining islomiy amaliy sanʼat namunalari ham namoyish etiladi. Shuningdek, sayyohlik borasida mahalliy sayyohlik firmalari bilan xorijdan kelgan tadbirkorlar oʻrtasida hamkorlik borasida muzokaralar olib boriladi.

– Forum ishtirokchilari ertalab Toshkentdan Buxoroga “Afrosiyob” tez yurar poyezdida yoʻlga chiqadi, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Temur Mirzayev. – Bu orqali sayyohlarga yaratilgan kulay transport xizmati yoʻl-yoʻlakay namoyish etiladi. Kun davomida mehmonlarni qadimiy Buxorodagi qadamjolar va yodgorliklar bilan tanishtiramiz. Oʻtkaziladigan taqdimotlarda Oʻzbekistonning madaniy markazlar orqali xorijda targʻiboti, yurtimizda yetishib chiqqan ulamolarning islom rivojiga qoʻshgan hissasi, halol sertifikati, yurtimizdagi imkoniyatlar asosida qaysi davlat va hududlarda marketing ishlari olib borish kabi mavzularga keng oʻrin ajratilgan. Buxoroda boshlangan forum Samarqandda davom etadi. U yerda Imom Buxoriy maqbarasi, uning yonida yaqinda tashkil etilgan Hadis ilmi maktabi va muzeyiga boriladi. Shuningdek, bir qator qadamjolar ziyorat qilinadi. Forum Toshkentda “10 halol taom” nomli shou bilan yakunlanadi.

Buxoro shahrida boʻlib oʻtadigan ziyorat turizmi boʻyicha birinchi xalqaro forumda Malayziyaning Perlis shtati muftiysi Mohd Asriy bin Zayn-ul Obiddin, Rossiya muftiylar kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Rushan Abbasov, “Gunadarma” universiteti rektori, Indoneziyadagi Oʻzbekiston sayyohlik brendi elchisi Eko Shri Margianti, Deli shahridagi bosh masjid imomi Said Buxari kabi bir qator insonlar ishtiroki kutilmoqda.

Forum doirasida Oʻzbekistonni ziyorat-turizmining markazlaridan biri sifatida eʼtirof etish toʻgʻrisidagi Buxoro deklaratsiyasini imzolash kutilmoqda.

Ayni vaqtda mehmonlar kelishi uchun shay holga kelgan Buxoro forum ishtirokchilarini qabul qilmoqda.