O‘zA O`zbek

26.03.2019 12:36:48 Chop etish versiyasi

"Buxoro minorasi" turistik majmuasi ishga tushirildi


“Bukhara tower” sayyohlarni chorlamoqda.

Buxoro shahridagi “Authentic Travel” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Suv minorasi” inshooti negizida "Buxoro minorasi" (Bukhara tower) turistik majmuasi ishga tushirildi.

“Suv minorasi” bundan 90 yil ilgari Buxoro shahrining bir qismini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida rus muhandisi V.Shuxov loyihasi asosida barpo etilgan. Shaharning tarixiy markazida giperbolit shaklida metall konstruksiyalar asosida qurilgan minora o‘zining me’moriy yechimi bilan ajralib turadi. U 45 yildan ko‘proq vaqt mobaynida aholiga xizmat qildi va keyinchalik madaniy meros ob’ekti sifatida ro‘yxatga olindi.

photo5247086336807119351.jpg

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda undan turli maqsadlarda foydalanish bo‘yicha ko‘plab takliflar bildirilayotgan edi. O‘zbekiston Respublika Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6 martdagi “Moddiy-madaniy meros ob’ektlarini va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish va ularni zarur holatda saqlash bo‘yicha investitsiya majburiyatlari olgan holda ijaraga berish tartibi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan tanlovda loyihalar orasidan eng munosibi tanlab olindi. “Authentic Travel” MChJning turizm sohasini yanada rivojlantirish uchun investorlar va turistlar e’tiborini jalb etadigan xizmatlar turini kengaytirishga qaratilgan loyihasi e’tirof etildi.

MChJ va fransiyalik investor Uiterdiyklar oilasining umumiy qiymati 200 ming yevroga teng loyihasini 2018 yil iyul oyida amalga oshirishga kirishildi.

photo5244925053429197747.jpg

Inshootning o‘zagi va asosi to‘laligicha saqlab qolingan holda poydevorini mustahkamlash maqsadida yer sathini pasaytirish va minora yuqori qismini gumbazsimon shaklda ko‘tarish hisobiga uning balandligi 32 metrdan 40 metrga yetkazildi. Obodonlashtirish va xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish uchun ob’ekt hududi bir muncha kengaytirildi.

“Bukhara tower” – Buxoro minorasi” majmuasining ochilish marosimida Buxoro shahar hokimi K.Kamolov, Fransiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor xonim ishtirok etdi. Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish va undan samarali foydalanish borasida keng imkoniyatlar yaratilayotgani, bu xorijlik investorlar bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.

– Buxoroga sayyoh sifatida bir necha bor kelgan edik, – deydi fransiyalik Teunis Uiterdiyk. – Bizga shaharning mehmondo‘st va samimiy insonlari, betakror va mo‘tadil tabiati yoqdi. Qolaversa, O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish sohasida qator imtiyozlar yaratilgani ham bizni juda qiziqtirib qo‘ydi. Shundan so‘ng “Authentic Travel” MChJ rahbari bilan hamkorlik qilishga kelishdik. Natijasi samarali bo‘ldi. Kelgusida Buxoroda fransuz taomlari tayyorlanadigan restoran ochmoqchimiz. Hozir ham “Buxoro minorasi” majmuasida fransiyalik oshpazlar mehnat qilmoqda.

photo5244925053429197748.jpg

“Bukhara tower” – “Buxoro minorasi” majmuasi atrofi oysimon shishali yengil konstruksiya bilan o‘ralgan. Inshoot ichidan tevarak-atrof ko‘rinib turadigan oynavandli lift ham bor. Binoga kirishingiz bilan Buxoro o‘tmishiga qisqa sayohat qilasiz: shaharning o‘tgan asr boshlaridagi suv ta’minoti, Shuxov suv minorasi bilan bog‘liq tarixiy foto suratlar, videolavha va tegishli hujjatlar bilan tanishasiz. Shuningdek, birinchi qavatda chiptaxona, do‘kon, sayyohlar uchun info-byuro, kafe va mo‘jazgina restoran faoliyat ko‘rsatadi.

Inshootning ikkinchi qavatida yana bir restoran joylashgan. Agar siz ko‘hna shaharni balandlikdan kuzatmoqchi bo‘lsangiz, uchinchi qavatdagi kuzatuv maydonchasida o‘rnatilgan durbindan foydalanishingiz mumkin.

photo5244925053429197749.jpg

– 2011 yilda turfirma sifatida boshlangan faoliyatimiz tobora rivojlanmoqda, – deydi “Authentic Travel” rahbari Suhrob Bobokalonov. – Ikki yil avval mehmonxona xizmatini ham yo‘lga qo‘ydik. Xorijlik sayyohlar uchun mamlakatimizda bir oygacha vizasiz bo‘lishi joriy etilgani bois turistlar oqimi ko‘paydi. O‘tgan yilning o‘zida tashkilotimiz xizmatidan foydalanuvchilar soni uch barobar oshdi. Yangi loyihamiz tufayli sayyohlarni jalb qilish imkoniyati yanada kengayadi.

Bugungi kunda Buxoroda xorijiy investorlar ishtirokida va ular bilan hamkorlikda sayyohlik yo‘nalishidagi 10 dan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.