O‘zA O`zbek

22.03.2019 Chop etish versiyasi

Birlashgan Arab Amirliklari – ulkan ajoyibotlar, tarix va zamon uygʻunlashgan diyor

Birlashgan Arab Amirliklari – ulkan ajoyibotlar, tarix va zamon uygʻunlashgan diyor

Birlashgan Arab Amirliklari qadim tarixga ega koʻp arxeologik yodgorliklarga boy boʻlsa-da, bugungi kunda zamonaviy arab arxitekturasi, innovatsiyalar va ilgʻor texnologiyalar mamlakati sifatida nom qozongan. U insonga sahro uzra yastanib yotgan rivojlangan va sershovqin shahardan tortib mavjlanib oqadigan dengiz sohiliga tutash manzillarda yashash imkonini beruvchi hayot moʻjizasidir.

Quyida “Dunyo boʻylab” turkumi doirasida ushbu mamlakat ajoyibotlari haqida hikoya qilamiz.

Tabiat moʻjizalari

Birlashgan Arab Amirliklari oʻziga xos hayvonot va nabotot dunyosi bilan ajralib turadi. Xususan, okean sohilida joylashgan Fujayra nihoyatga goʻzal shaharlardan. Al-Ayn vohasi, Burayli yaqinidagi madaniy manzilga aylantirilgan Xili vohasi ham betakror tabiatga ega.

Qish oʻchogʻi tor degan naqlning arab diyorlari uchun begona ekani barchaga maʼlum. Aksincha, qish mavsumida bu diyorlarga, inchunin, BAAga kelgan inson koʻplab tabiat moʻjizalariga guvoh boʻladi.

Qishda bu mamlakatda Sibirdan, Markaziy Osiyodan uchib kelgan qushlar makon topadi. Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlarida uchraydigan qushlarning uchib oʻtishini kuzatish sharoiti ham bor.

BAA shaharlarining betakror qiyofasi

Dubay. Siz olti va yetti yulduzli mehmonxonalar haqida eshitganmisiz? Dubayda siz ana shunday mehmonxonalarni koʻrishingiz mumkin: (”Burj al-Arab” va ”Jumeyra Bich”). Dubay – zamonaviy meʼmorchilikning eng choʻqqisidir. Ushbu amirlikda qurilgan qadimiy Bastakin, Al-Fahidi qalʼasi, Jumeyra masjidi, Shayx Said saroyi, shuningdek, hayvonot bogʻi va Wild Wadi – eng katta akvaparklardan biri mavjud. Dubaydagi tarixiy muzeylarda esa arab dunyosining noyob eksponatlari saqlanadi.

Дубай.jpg

Sharja Amirlikda aholisi va hududi kattaligi boʻyicha 3-oʻrinda turadi. Mamlakatning muhim maʼmuriy markazi haqida soʻz borganda shayx saroyi, Saudiya Arabistoni qiroli tomonidan bunyod etilgan masjid bu shaharning oʻziga xos ramzi ekanini taʼkidlash zarur. Shuningdek, neft oqimining ramzi boʻlmish dunyodagi eng baland favvoralardan biri ham ayni shu yerda joylashgan.

Шаржа.jpg

Ras al-Xayma shahri qadimda “Julfor” deb atalgan va bu yerlarda qaroqchilar koʻp boʻlgan. Shu bois uzoq vaqtlar savdogarlar uchun bu manzillardan oʻtish xavotirli sanalgan. Julfor dengizchilari esa uzoq mamlakatlarga “dou” – yogʻoch qayiqlarda sayohat qilgan. Oʻz davrida 400 nafargacha odam siqqan arab qayiqlari Xitoygacha suzib borgani bu manzillarda dengiz ilmi va qayiqsozlik yuqori darajada rivojlanganidan dalolat.

Рас ал хайма.jpg

Shaharning asosiy diqqatga sazovor maskani “Masafi” mineral suv manbaidir. Bu suv manbai butun amirlikni mineral suv bilan taʼminlaydi.

Abu-Dabi shahrini “Amirliklarning bogʻ shahri” deb ham atashadi, “Al-Ayn” vohasida joylashgan. Ushbu voha oʻzining hayvonot olami bilan mashhur va noyob arxeologik topilmalarga boy. BAAning poytaxti hisoblangan amirlik mamlakatning siyosiy, sanoat, savdo va madaniy markazidir. Uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 50 foizdan yuqori.

Абу Даби.jpg

Fujayrada eng qadimgi tarixiy yodgorlik – “Bediya” masjidi saqlanib qolgan, u olti yuz yil ilgari qurilgan. Ushbu amirlikda BAAning boylik va rivojlanish manbai boʻlmish – neft yoʻq. Rivojlangan dengiz portiga ega ekani, yuqori hosildorlikka ega qishloq xoʻjaligi sabab maʼlum va mashhur.

Фужайра.jpg

6 129
Ulugʻbek Shonazarov tayyorladi, OʻzA