O‘zA O`zbek

07.07.2020 Chop etish versiyasi

Bibi Seshanba ziyoratgohi

Bibi Seshanba ziyoratgohi

Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani Sultonobod qishlogʻida Bibi Seshanba ziyoratgohi joylashgan.

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, ul zot Hazrati Bahouddin Naqshbandning xolasi Valiy Komila ismli ayol boʻlib, ilohiy bilim borasida yetakchi piru ustozlardan boʻlgan. Oʻz valiylik karomati ila aziz avliyolarni chorlab, seshanba kunlari tilovati Kurʼon, amri maʼruf oʻtkazib, uni hosiyatidan insonlar dardiga shifo, mushkuliga yengillik topgani bois “Bibi Seshanba” nomini olgan. Hozirda bu anʼana “Mushkulkushod” marosimi sifatida momolardan avlodlarga oʻtib kelmoqda.

Valiy Komilaning qabri Buxoroda Qasri Orifon qishlogʻida oʻz opa-singillari Bibi Orifa va Bibi Musallamlar bilan yonma-yon qoʻyilgan.


photo_2020-07-06_18-42-40.jpg

photo_2020-07-06_18-42-42.jpg

Qoʻrgʻontepadagi tabarruk maskan esa moʻtabar va aziz momomiz nomlari ulugʻlangan qadamjolardan boʻlib, ul zot bilan bogʻlik ziyoratgohlar boshqa hududlarda ham uchraydi.

Avval bu joydagi bir hujrada “beshik” deb atalgan kichkina bir qabr boʻlib, befarzand ayollar momoni vasila qilib kelganlar. Qabrga kim dafn etilganligi haqida aniq maʼlumot bizgacha yetib kelmagan. Ziyoratgoh taqvodor ayollarning turli xastaliklarga shifo tilab, Alloh yoʻlida ibodat va ehson qiladigan, diniy marosimlar oʻtkaziladigan muqaddas maskani hisoblangan. Islomning muqaddas kalomi va hadisi shariflarida dildan qilingan ibodat qabul, duolar ijobat va gunohlar mahfirat qilinishi taʼkidlanadi.

Bu maskan oʻzining shifobaxsh suvli buloqlari bilan ham aziz va muqaddasdir. Maqbara poyidagi “Jannat buloq”, “Sumalak buloq”, “Qiz buloq”, “Koʻz buloq”, “Shoʻr buloq” kabi bir necha buloqlar inson jismini hujayralarigacha poklaydi. Tarkibidagi foydali minerallar, makro-mikro birikmalar turli toshma va ichki kasalliklariga, quloq va koʻz xastaliklariga malham boʻlishi aniqlanib, mutaxassislar tomonidan oʻrganilgan. Tarixchi olim S.Jalilovning taʼkidlashicha, hatto Qoʻqon xonlari ham buloqlarga boy, tabiati goʻzal bu soʻlim, bahavo maskanda hordiq chiqarib, Navroʻz bayramini oʻtkazishga odatlangan ekan.

photo_2020-07-06_18-42-43.jpg


2000-2005-yillarida saxovatpesha insonlar koʻmagida ziyoratgoh obodonlashtirildi. Kichkina xona oʻrnida anʼanaviy milliy meʼmoriy uslubda mahobatli maqbara bunyod etildi. Ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Bibi Seshanba ziyoratgohi “Diqqatga sazovor joylar” madaniy meros obyekti sifatida davlat muhofazasiga olingan.

42 211
Zuhriddin UMURZOQOV(surat), OʻzA