O‘zA O`zbek

17.03.2019 Chop etish versiyasi

Beruniy Alimov:Oʻzbekistonning turistik shiori kutilgan natijani bera olmasligi mumkin

Beruniy Alimov:Oʻzbekistonning turistik shiori kutilgan natijani bera olmasligi mumkin

Har qanday mamlakat imijining oʻlchov mezonlari qatorida turizm sohasi alohida oʻrin tutadi. Bunda xususan, xorijliklarning mamlakatni borib koʻrishga boʻlgan qiziqishlari, mahalliy shart-sharoitlar, tabiatning goʻzalligi va inson qoʻli bilan yaratilgan diqqatga sazovor joylarning mavjudligi eʼtiborga olinadi.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan 2018 yilda Oʻzbekistonga 5 milliondan ziyod xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Ularga 795 ta turistik kompaniya xizmat koʻrsatdi. Muhimi, kelayotgan turistlar uchun yangi qulayliklar yaratilmoqda. Xususan, respublikaga viza olish bir muncha yengillashtirildi.

photo_2019-03-17_12-25-41.jpg

“Oʻzbekistonda turizmni tezkor rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.Farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasida 2019-2025 yillarda Turizmni rivojlantirish konsepsiyasi va chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unga koʻra, 2019 yilning 1 fevralidan 45 ta davlat fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejimi joriy qilindi.

Mamlakat imiji tushunchasi turli axborot oqimlarining kengayishi barobarida jurnalistika fanining oldiga yangi vazifalarni qoʻya boshladi. U endilikda nazariy va amaliy masala sifatida jiddiy tadqiqot obyektiga aylandi.

photo_2019-03-17_12-25-43.jpg

Nazariy jihatdan olib qaralganda, mamlakatning xalqaro imiji barqaror konstanta (lotin. sonstans – doimiy, oʻzgarmaydigan, muqim) boʻlib, u uzoq yillar mobaynida jahon hamjamiyati ongida oʻrnashib qoladi. Oʻrnashib qolgan tasavvurni oʻzgartirish esa oson kechmaydi.

Deylik, Angliyaning “konservatizm oʻlkasi”, Italiyaning “mafiya makoni”, Tailandning “turistik jannat” deb taʼriflanishi dunyo jamoatchiligi orasida yaxshi maʼlum. AQSH Prezidenti R. Reygen SSSRga “yovuzlik saltanati”, Eron Prezidenti Xumayni AQSHga “toʻngʻich iblis” deb nom berganini tarixdan bilamiz.

photo_2019-03-17_12-25-45.jpg

Bunday yorliqlar qoʻllash oʻtgan asrlarda ham, yaʼni, hali PR fani shakllanmagan paytda ham odatiy hol hisoblangan. Jumladan, Eronni “Fors koʻrfazi jandarmi”, Xiva xonligini “Oʻrta Osiyo Jazoiri” deb atash urf boʻlgan.

Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonning mintaqaviy imiji geografiyasi kengaydi. Chunonchi, Toshkent islom madaniyati poytaxti, Ellikqalʼa koʻhna madaniyat oʻchogʻi, Surxondaryo (Termiz) sivilizatsiya beshigi, Asaka avtosanoat markazi, Navoiy zamonaviy xalqaro havo darvozasi sifatida xorijiy OAVda tilga olinmoqda.

photo_2019-03-17_12-25-46.jpg

XX asrning 50-yillari oʻrtalarida D.Ogilvi Lotin Amerikasida joylashgan Puerto-Rikodek moʻjaz bir davlatning tashqi nufuzi masalasini tarixda birinchi marta brend sifatida koʻtarib chiqqan. Mutaxassisning bundan koʻzlagan asosiy maqsadi amerikaliklarning ushbu mamlakatga boʻlgan salbiy munosabatini oʻzgartirish va mamlakatga sayyohlarni koʻproq jalb etishdan iborat edi. Natijada Puerto-Riko tashqi dunyo tasavvurida notinch bir davlatdan tarixan boy va madaniyati oʻziga xos Renessans davrini boshdan kechirayotgan davlatga aylangan. Shu tariqa bu kichik, koʻzga koʻrinmas diyorga rivojlangan Gʻarb mamlakatlaridan tashrif buyuruvchilarning soni keskin koʻpayishiga erishilgan.

Qayd etib oʻtish kerak, mamlakat imijiga baho berilganda turizmdan tashqari yana beshta jihat inobatga olinadi. Bular – mamlakat odamlari, oʻziga xos madaniy merosga egaligi, hukumatning ochiqligi, uning xalq oldidagi nufuzi, mamlakatning xorijga sotayotgan mahsulotlari sifati, sarmoyaviy va imigratsion sharoitlar.

Mamlakat imijida turizmning tutgan oʻrni haqida soʻz borar ekan, dunyo mamlakatlarining sayyohlik shiorlari haqida ham toʻxtalib oʻtish zarur.

Nazarimizda Oʻzbekistonning turistik shiori – “Tabiiy betakror!”

(ing. Naturally irresistible!) kutilgan natijani bera olmasligi mumkin. Chunki u boshqa mamlakatlar shiorlari bilan solishtirganda oʻylab topilgan, gʻaliz, notabiiy tushunchaga oʻxshaydi. Vaholanki, Hindistonning “Hayratomuz Hindiston” (Incredible India), Turkiyaning “Bizning mehmonimiz boʻling”(Be our guest) va Xitoyning “Xitoy avval bunday boʻlmagan”(China Like Never Before) shiorlari bir muncha maftunkor eshitiladi.

Oʻzbekiston turizm sanoatini rivojlantirish, iqtisodiyotning tez oʻsishini taʼminlashda uning rolini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, dunyo bozorida milliy turistik mahsulot salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Mazkur faoliyat milliy turizm sohasini axborot bilan taʼminlash, turistik operatorlar uchun zamonaviy axborot texnologiyalari yechimlari va kompyuter dasturlarini ishlab chiqish, axborot bozori subyektlariga uygʻunlashgan holda ishlash, xalqaro miqyosda mamlakatimiz nufuzini oshirish boʻyicha ommaviy axborot vositalarida keng targʻibot ishlarini olib borishni taqozo etadi.

Kuzatishlar shuni koʻrsatadiki, soʻngi davrda xorijiy OAVda Oʻzbekiston bilan bogʻliq chiqishlarning koʻpchiligini turizm mavzusidagi maqolalar tashkil etadi. Masalan, AQSH poytaxti Vashingtonda nashr qilinadigin “The Diplomat” jurnalida respublikamizga dunyodagi 45 dan ziyod mamlakat fuqarolari uchun turistik viza bekor qilinganligi haqida maqola eʼlon qilindi.

“Bu Prezident Sh.Mirziyoyevning islohotlar dasturidan oʻrin olgan viza liberalizatsiyasining amalga oshirilganligi bilan bogʻliq”, - deydi amerikalik travel jurnalist Katerin Putz.

Nyu-York shahrida anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan “The New York Times Travel Show 2019” yirik xalqaro turizm koʻrgazmasida dunyodagi 150 ta davlat qatorida Oʻzbekiston kompaniyalari ham ishtirok etganligi haqida “Dunyo” axborot agentligi xabar tarqatdi. Qayd etilishicha, “yurtimiz vakillarining ushbu tadbirda ishtirok etishlari turizm jabhasida xorijlik sheriklar bilan ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish imkonini berdi. Xususan, The New-York Times nashri bilan NYT Journey brendi ostida Buyuk ipak yoʻli boʻylab jamoaviy turlar tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi”.

“Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning eng sir-sinoatga boy oʻlkasi hisoblanadi. Mamlakatga viza olish jarayoni ancha osonlashdi. Xiva, Buxoro va Xiva shaharlarida tanishish kerak boʻlgan joylar juda koʻp”, - deb yozadi britaniyalik sayohatchi jurnalist Heyzl Plash. “The Telegraph” gazetasida eʼlon qilingan ushbu maqola “Oʻzbekiston: siz borib koʻrmagan eng ajoyib mamlakat” sarlavhasi ostida eʼlon qilingan.

“Rossiyalik turistlar Oʻzbekistonga koʻproq borishmoqda” deb nomlangan maqola “RIA Novosti” axborot agentligi saytida eʼlon qilindi. Unda qayd etilishicha, 2018 yil davomida ushbu mamlakatdan respublikamizga kelgan turistlar soni 270 mingdan oshib ketgan. Bu koʻrsatkich sayyohlar oqimining oldingi davrga nisbatan uch barobar ortganligini tasdiqlaydi.

Yuqorida keltirilgan misollardan koʻrinib turibdiki, ularda birinchidan turistlar uchun Oʻzbekistonda qiziqarli hududlarning mavjudligi, ikkinchidan viza olish bilan bogʻliq liberalizatsiya jarayonlariga eʼtibor qaratiladi va shu asosda maʼno-mazmun jihatdan bir-biriga yaqin boʻlgan semantik freymlar yuzaga keladi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan 72 ta davlatdan kelgan 5,7 ming nafar sayyoh orasida tadqiqot oʻtkazgan. Maʼlum boʻlishicha, turistlarning koʻpchiligi doʻstlari va oila aʼzolari, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali berilgan maslahatlar asosida Oʻzbekistonga kelishga qaror qilishgan. Qolaversa, gazeta va jurnallar, televizion hujjatli filmlar va yangiliklar dasturlari ham bu borada muhim oʻrin tutishi maʼlum boʻlgan.

Demak, Oʻzbekistonning turistik jozibadorligi oshishiga xizmat qiluvchi dolzarb axborot resurslarini, Oʻzbekistonning noyob tarixi, oʻtgan buyuk allomalari va olimlari, diqqatga sazovor joylari, milliy taomlari, anʼanalari haqida hujjatli filmlar va telekoʻrsatuvlar yaratish va tarqatishni koʻpaytirish zarur.

Bunda turistlarni nafaqat jalb etishga eʼtibor qaratish zarur. Toki ular mamlakatga yana muntazam ravishda tashrif buyurishsin va oʻz davlatlaridagi doʻstlariga ham buni tavsiya etishsin.

Kelayotgan har bir sayyoh diqqatga sazovor joylarni tomosha qilishdan tashqari toʻlaqonli turistik mahsulotlardan bahramand boʻlishga haqlidir. Buning uchun hudud imijini shakllantirish boʻyicha alohida dasturlarni joriy etish kerak boʻladi.

Xalqaro media makonda turistik imijni mustahkamlash uchun quyidagi ishlarni amalga oshirish kerak:

Umuman olganda jahon media makonida Oʻzbekiston imijini shakllantirish va uni himoya qilishning yagona davlat strategiyasini (dasturi) ishlab chiqish zarur. Mamlakatning ijobiy imiji boʻyicha milliy strategiyani amalga oshiruvchi tashkilotni aniqlash, belgilash kerak boʻladi. Milliy brending boʻyicha Prezident kengashi / Presidential Council on National Branding tashkil etish lozim.

Amalga oshirilishi zarur boʻlgan kompleks chora-tadbirlar qatorida quyidagilarni alohida sanab oʻtish mumkin:

I. Mintaqaviy (Markaziy Osiyo, MDH, SHOS) va global axborot makonidagi OAV bilan teng raqobat olib boruvchi yirik milliy media-xoldinglarni tashkil etish;

II. Rivojlangan xorijiy mamlakatlardagi OAV va tadqiqot markazlari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga koʻtarish;

III. Yetakchi xorijiy tillarda efirga uzatiladigan sunʼiy yoʻldosh telekanalini tashkil etish;

IV. Xorijiy davlatlardagi ommaviy axborot vositalarining aksiyalarini, ulushlarini sotib olish va ular bilan teng munosabatlarga kirishish vositasida jahon media bozori (makoni)ga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqib olish;

V. Jurnalistika boʻyicha oliy taʼlim muassasalarida “Trevel-jurnalistika” (ingl. travel journalism) – yoʻnalishini ochish va uni rivojlantirish.

5 359
Beruniy Alimov, OʻzA