Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.02.2017 15:44 Chop etish versiyasi

Azizaning orzusi

"Bo‘stonliq tumanidagi mehmonxonalardan biridagi amaliyotim sabab, germaniyalik sayyoh va tadbirkor Anna Bayyer bilan tanishib qoldim. Mehmon ikki kun davomida Burchmulla va Chimyon qishloqlarini yayov kezgani, bu yerning o‘ziga xos iqlimi, ajabtovur tabiat yodgorliklari unda unutilmas taassurot qoldirganini o‘zgacha zavq bilan so‘zlab berdi. Ayniqsa, odamlarning mehmondo‘stligiyu jo‘xori go‘ja, qatlama patirning mazasini ta’riflayotgandagi hayratu hayajoni meni ham to‘lqinlantirib yubordi..."

Bu Bo‘stonliq turizm va servis kasb-hunar kolleji uchinchi bosqich o‘quvchisi Aziza Abduxalilovaning ta’lim dargohi devoriy gazetasiga yozgan maqolasidan.

Ushbu ta’lim dargohi direktori Shuhrat Tojiboyev bizni muassasa faoliyati bilan tanishtirish, bu yerda o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar haqida so‘zlab berishdan avval shu kabi samimiy fikrlar bitilgan devoriy gazetaga ko‘z yugurtirishni taklif qildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni yurtimizda sayyohlik sohasini jadal rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy sharoit yaratish, malakali kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Toshkent viloyatida ham madaniy meros obyektlarini konservatsiya va restavratsiya qilish, obodonlashtirish, sayyohlar uchun ommaviy ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etish, mehmonxonalarda xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirish, zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda yetuk kadrlar tayyorlash muhim masalalardan biridir.

Ushbu islohotlarda faol ishtirok etayotgan Bo‘stonliq turizm va servis kasb-hunar kollejida mehmonxona xizmatlari menejeri, turistik xizmatlar tashkilotchisi kabi bir qator yo‘nalishlarda 272 o‘quvchi zamonaviy sharoitlarda tahsil olmoqda. Turizm va mehmonxona xizmati, milliy taomlar, qandolatchilik kabi o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonasida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar yoshlarning nazariy bilimini mustahkamlash bilan birga, amaliy ko‘nikmasini ham boyitishga xizmat qilmoqda.

Muassasa axborot-resurs markazining yangi adabiyotlar bilan muntazam to‘ldirib borilishi o‘quvchilarning zamonaviy bilimlarni puxta egallashida muhim ahamiyat kasb etayotir. Yoshlarning tarix, adabiyot, iqtisod, chet tili yo‘nalishlariga qiziqishi yuqoriligi inobatga olinib, shu yo‘nalishlar bo‘yicha turli tanlovlar muntazam o‘tkaziladi.

– Tarix, milliy qadriyatlar va chet tilini puxta bilish sayyohlik sohasi xodimlari uchun asosiy talablardan bo‘lgani bois kollejda bu borada chuqurlashtirilgan mashg‘ulotlar olib boriladi, – deydi kollej o‘qituvchisi Z.Mirahmedov. – Yoshlar o‘z sohasi bo‘yicha bilim va ko‘nikmadan tashqari, sayyohlik yo‘nalishini tartibga soladigan milliy va xalqaro qonunchilikni ham puxta o‘rganishlari zarur. Zero, qonunchilik talablarini puxta bilish va ularga qat’iy rioya qilish turizmni rivojlantirish, sayyohlik firma va mehmonxonalari ish faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Menejment, marketing va turizm xizmatlarini tashkil etish darslarida sohaga oid amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar chuqur o‘rgatiladi. Bu borada jahon tajribasi bilan tanishtirish, chet tillarni o‘rgatish, yangi adabiyotlar bilan ta’minlashda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan samarali hamkorlik qilib kelinmoqda.

Bo‘stonliq turizm va servis kasb-hunar kolleji tumandagi sayyohlik firmalari, mehmonxonalar va katta-kichik dam olish maskanlari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Buning samarasida ayni paytda joriy o‘quv yilida kollejni tamomlayotgan 92 bitiruvchining 67 nafari ishlab chiqarish amaliyotini o‘tagan firma, korxona va mehmonxonada kelgusida ishlash uchun to‘rt tomonlama shartnoma imzoladi.

...Aziza kollejni bitirgach, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘qishni davom ettirmoqchi. Bir necha xorijiy tilni puxta o‘rgansam yurtimizga kelayotgan sayyohlarga maftunkor tabiatimiz, qadimiy tariximiz, betakror milliy qadriyatlarimiz haqida faxr bilan so‘zlab beraman, deydi.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
3 033






Все о погоде - Pogoda.uz