O‘zA O`zbek

26.03.2019 Chop etish versiyasi

AQSh shtatlarida O‘zbekistonning turizm salohiyati targ‘ib etildi

AQSh shtatlarida O‘zbekistonning turizm salohiyati targ‘ib etildi

O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan AQShdagi vatandoshlar ishtirokida Navro‘z bayrami munosabati bilan bir qator tadbirlar o‘tkazildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining O‘zAga ma’lum qilishicha Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar AQShning Pensilvaniya, Kaliforniya, Vashington va Illinoys shtatlarida keng nishonlandi. Tadbirlar doirasida O‘zbekistonning turizm salohiyati targ‘ib qilindi

Tadbirlarda 5 mingdan ortiq ishtirokchilar qatnashdi. Jumladan, AQShda istiqomat qilyotgan vatandoshlar, mahalliy aholi, turoperatorlar ishtirok etishdi.

photo5246805476010732152.jpg

Pensilvaniya shtati Bensalem shahrida ilk bor Navro‘zga bag‘ishlangan xalq sayli tashkil etildi. Tadbir davomida, so‘zga chiqqan AQSh Kongressi a’zosi Brian Fitzpatrik, Pensilvaniya shtati senatori Jon Sabatina, Bensalem shahar meri Jozep di Girolamo va boshqalar barcha o‘zbekistonliklarni Navro‘z bayrami bilan tabriklab, O‘zbekistonning boy madaniyati, tarixi, urf-odatlari, an’analari va turizm salohiyatini yuqori baholashdi.

Illinoys shtati Chikago shahrida sumalak, ko‘ksomsa, palov va boshqa taomlar tayyorlanib, tadbir ishtirokchilarga ulashildi. Shuningdek, o‘zbek xalq xunarmandchiligi namunalari namoyishga qo‘yildi hamda O‘zbekistonning turizm salohiyatini aks ettiruvchi targ‘ibot materiallari tarqatildi.

photo5246805476010732153.jpg

Kaliforniya shtati San-Fransisko shahrida Navro‘z bayrami davomida O‘zbekiston milliy madaniyati markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida kurash musobaqalari tashkil etildi va mahalliy aholi o‘zbek madaniyati, an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekistonning gastronomik turizm imkoniyatlarini ommalashtirish maqsadida milliy oshxona brendi ostida turli milliy taomlar tayyorlanib, tadbir ishtirokchilariga tortiq etildi.

photo5246970754942216755.jpg

Vashington shtatida “Sietl-Toshkent” birodarlar assotsiatsiyasi ko‘magida milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar namoyish etildi. Bundan tashqari, tadbir doirasida Sietl shahridagi vatandoshlarimiz O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib etishdi. Jumladan, vatandoshlarimiz tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonda joriy etilgan yangi viza turlari (Vatandosh, Student visa, Academic visa, Medical visa, Piligrim visa) haqida ma’lumotlar berildi.

O‘tkazilgan barcha tadbirlar doirasida “O‘zbekistonga sayyohat qil!” shiori ostida O‘zbekistonning mashhur shaharlari, jumladan, Xiva, Buxoro va Samarqand aks ettirilgan 1000 dan ortiq avtomobillarga yopishtirish uchun mo‘ljallangan yorliqlar vatandoshlarimiz shaxsiy avtomashinalariga o‘rnatildi.

photo5246970754942216757.jpg

Shu o‘rinda, alohida ta’kidlash joiz, O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “Vatandosh” O‘zbek-Amerika federatsiyasi hamkorligida, 2019 yil mart-aprel oylarida AQShda O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan bir qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

2 398
O‘zA