O‘zA O`zbek

10.07.2019 Chop etish versiyasi

Amir Temur maqbarasi eshiklari nega yopib qo‘yilgan?

Amir Temur maqbarasi eshiklari nega yopib qo‘yilgan?

Samarqandda o‘tkazilayotgan birinchi xalqaro turizm yarmarkasi ishtirokchilari shaharning mashhur tarixiy maskanlari bilan tanishmoqda.

Ishtirokchilar Amir Temur maqbarasiga keldi.

– Bizning tariximizda ham Amir Temurning o‘z o‘rni bor, – deydi armanistonlik tur operator Vladimir Gevorgyan. – Shu bois bu inson haqidagi ma’lumotlarga juda qiziqaman. Bugun o‘zim uchun qiziq va hech bir kitobda uchramagan afsonani eshitdim. Maqbaraga kelganimizda hovlida marmardan yasalgan bir qancha buyumlarni ko‘rdik. Ulardan birida askarlar uchun anor sharbati tarqatishda foydalanilgan ekan. Shu orqali urushda qancha askar halok bo‘lganini aniqlangan. Chunki urush oldidan necha piyola ichilgani va qaytgandan keyin qolgan sharbat hisoblanib, halok bo‘lganlar soni aytilgan. Biroq, askarlar anor sharbatini kuch beruvchi manba deb bilishgan. Albatta bunday aqlli hisob-kitob uchun Amir Temurga qoyil qolish kerak.

Kelgan xorijlik mehmonlarni yana bir savol juda qiziqtirdi. Maqbaraning asosiy kirish eshigi nima sababdan yopib quyilgani. Bu savolga turlicha javoblar aytildi va ularning ko‘pchiligi yulduzlar bilan bog‘liq, degan taxminlar edi. Aslida gap nimada bo‘lganini maqbara ilmiy izlanuvchisi Akmal Razzoqov shunday izohladi.

– Buning sababi Amir Temur vasiyatiga ko‘ra, bu yerga Mir Said Baraka dafn etiladi. Islom ta’limotiga binoan, marhumning boshini qiblaga qaratib ko‘miladi. Shunda kirish eshigi qabrga yaqin bo‘lib qoladi. Keyinchalik Mirzo Ulug‘bek maqbara yonidan boshqa eshik quradi va asosiy kirish eshigi yopib quyiladi.

Bobokalonlarimiz aqlu farosatiga yana bor qoyil qolgan MDH davlatlari vakillari Samarqandning boshqa obidalarini ham ko‘rishga oshiqdi.

40 265
Sayyora ShOEVA, O‘zA