O‘zA O`zbek

11.04.2019 19:42:38 Chop etish versiyasi

Abdulaziz Oqqulov: “Turizm bozorida mavsumiylik tushunchasi barham topadi”


Poytaxtimizda III “ADWEYEK Marketing va reklama haftaligi” va Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari uchun II Markaziy Osiyo sayyohlik forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish qo‘mitasi rahbari A.Oqqulov so‘zga chiqib, quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Har bir tadbirkor o‘z biznesini boshlashdan oldin birinchi navbatda sohaning barqarorligini o‘rganadi, – deydi A.Oqqulov.– Shunga ko‘ra oxirgi ikki yildagi tahlillar sayyohlar soni oshgani, ularga xizmatlar sifatini oshirish va sohaga bo‘lgan qiziquvchilar soni ortganini ko‘rsatmoqda. 

Ayniqsa, mehmonxona quruvchi tadbirkorga sarflagan mablag‘ining 15 foizi miqdorida subsidiyalar berilishi yaxshi samara bermoqda. Shu bois restoran yoki savdo majmuasi qurayotgan tadbirkor mehmonxona biznesiga kirib kelmoqda. Biroq, bu sohada mavsumiylik degan tushuncha, biroz ko‘ngilni xira qiladi. Bu ayniqsa, mehmonxona xodimlarining ish sifatiga ta'sir qilmoqda. Misol uchun, mart oyidan kech kuzga qadar bo‘lgan muddatda sayyohlar oqimi ko‘p bo‘ladi. Biroq, qish oylari va yozning iyul oyida sayyohlar soni sezilarli kamayadi.

 Foyda kelmaganidan keyin noyabrda ishchilarga javob berib yuboriladi. Ya'ni, mutaxassis mart oyida ishga kelib, noyabrda oyligi saqlanmay ta'tilga yuborilsa, keyingi mart oyiga qadar u boshqa ish topadi. Bu degani, to‘qqiz oy davomida mehmonxona ma'muriyati xodimga qilgan investitsiya havoga uchadi. Shu bois bu oylarda ichki turizm, ziyorat turizmini ko‘paytirish zaruriyatga aylanmoqda. Misol uchun, ziyorat turizmini yil o‘n ikki oy davom ettirish chorasi ko‘rilmoqda. Shuning uchun 1 mayga qadar Jakartaga yangi reyslar ochmoqchimiz. Indoneziyaning tropik iqlimida yashayotgan aholi uchun bizning qorimiz alohida mahsulot. 

Shu kabi omillar orqali “O‘zbekistonga kelishning yetti sababi” targ‘ib qilinmoqda. Qaysidir viloyatda, misol uchun, Samarqand yoki Buxoroda o‘nta yuz xonadan iborat mehmonxona biznesi hosil bo‘lsa, mavsumiylik degan tushuncha barham topadi. Ularda turli-tuman kechalar, shoular o‘tkazib, ishchilar bandligini ta'minlaymiz. Buning uchun esa soha mutaxassislarini boshqaruv va xizmat ko‘rsatish borasidagi malakasini oshirmoqchimiz. Joriy yilning may oyida Turkiyadan mehmonxona biznesi vakillarini taklif qilib, beshta viloyatda mehmonxona boshqaruvchisidan tortib, oshpaz va xona tozalovchilargacha hammasini malakasini oshirish rejalashtirilgan.

Mazkur forum samarali ishlash uchun to‘rt qismga bo‘lingan holda sessiyalar o‘tkazildi. Ularda mehmonxona biznesida reklama va marketing muvaffaqiyatli omil sifatida, mehmonxona biznesining kadrlar siyosati, mehmonxonalar sanoatining muammolari va yechimlari, mehmonxona brendlarining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi kabi mavzularda ma'ruzalar tinglandi.