O‘zA O`zbek

17.06.2019 16:05 Chop etish versiyasi

Zamonaviy texnologiyalarga qiziquvchi yoshlar uchun “Digital Generation Camp” yozgi oromgohi tashkil etildi

Zamonaviy texnologiyalarga qiziquvchi yoshlar uchun “Digital Generation Camp” yozgi oromgohi tashkil etildi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Toshkent shahridagi Inha universiteti hamkorligida “Digital Generation Camp” loyihasi ishga tushirildi. IT sohasidagi mazkur loyiha asosida 18-22 iyun kunlari “Yoshlar oromgohi”da “Digital Generation Camp” yozgi oromgohi tashkil etiladi. Unda ishtirok etish uchun o‘quv tizimi orqali loyihaning 5 ta yo‘nalishi bo‘yicha 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan 90 nafar yoshlar saralab olindi.

“Digital Generation Camp”ga yig‘ilgan ishtirokchilarga yurtimizning eng yetuk mutaxassislari va xalqaro ekspertlar mashg‘ulotlar o‘tadi. Darslar orqali qatnashchilarning qobiliyati aniqlanadi. Ishtirokchilar o‘quv platforma oldidan zarur ishchi buyumlar bilan ta’minlanib, 5 kun mobaynida amaliy va nazariy mashg‘ulotlarda o‘z tajribalarini boyitadi. IT sohasida mutaxassislar bilan fikr almashish jarayonida yangi yaratilayotgan loyihalar ustida ish boshlashadi.

Oromgohning so‘nggi kuni ishtirokchilar yakka va jamoaviy tarzda o‘z loyihalarining taqdimotini namoyish etadi. Har bir qatnashchi faol ishtiroki uchun xalqaro sertifikat bilan taqdirlanadi. Loyiha a’zolari birga ishlovchi jamoani yaratish orqali kelgusida yaratiladigan loyihalarni ham jamoaviy amalga oshirishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Loyiha erkin fikrlovchi, texnologik trendlarga qiziquvchi yoshlarni dasturlash, robototexnika, media va digital marketing, dizayn, kibersport yo‘nalishlari bo‘yicha birlashtiradi. Bundan tashqari ularni jamoaviy bo‘lib ishlashlarini ta’minlab, hamkorlik hamda rejalashtirish qobiliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.

O‘zA
4 724