O‘zA O`zbek

13.03.2020 Chop etish versiyasi

Zamonaviy taʼlim – yangicha yondashuv, ilgʻor tajribalarni taqozo etadi

Zamonaviy taʼlim – yangicha yondashuv, ilgʻor tajribalarni taqozo etadi


Taraqqiy topgan aksariyat davlatlarda taʼlimni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratiladi. Chunki taʼlimni toʻgʻri va oqilona yoʻlga qoʻyish har bir mamlakat kelajagi uchun muhim omillardan biri sanaladi. Mamlakatimizda ham bu borada izchil islohotlar amalga oshirilib, zamon talablariga mos malakali kadrlar tayyorlashga yoʻnaltirilgan muhim dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda.

Hozirgi kunda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi taʼlimida yettita mutaxassislik yoʻnalishi boʻyicha uch yillik dastur asosida kadrlar tayyorlanmoqda. Har bir mutaxassislik uchun oʻquv-metodik xonalar tashkil etilib, mashgʻulotlar malakali professor-oʻqituvchilar hamda sohada koʻp yillik tajribaga ega amaliyot xodimlari tomonidan olib borilayapti. Mashgʻulotlar jarayonida interfaol yondashuvlardan keng foydalanilayotgani kursant va tinglovchilarning bilim hamda kasbiy koʻnikmalarini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

photo5429172673616915675.jpg

Soʻnggi yillarda taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilari tarkibi¬-ni malakali ilmiy-pedagogik kadrlar bilan toʻldirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda katta amaliy tajribaga ega boʻlgan mutaxassislarni oʻquv jarayoni¬ga keng jalb etish, oʻqitishning zamonaviy shakl va usullari, yangi pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiyalar, shu jumladan, situatsion mashgʻulotlar, masofadan oʻqitish tizimini keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilayapti. Shundan kelib chiqib, kursantlarning amaliy bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash, kelgusida xizmat faoliyatini olib boradigan hududning oʻziga xos xususiyatlarini oʻrganishini taʼminlash maqsadida ish oʻrganish amaliyotini jamlovchi hududiy ichki ishlar organlarida oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Ayni kunlarda bitiruvchi bosqich kursantlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar ichki ishlar organlarida ish oʻrganish amaliyotini oʻtashmoqda.

photo5431835252692725306.jpg

– Kriminalistik ekspertizalar oʻtkazish murakkab va qizgʻin jarayon, – deydi Quva tumani ichki ishlar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimida amaliyot oʻtayotgan kursant Ahadjon Rejapov. – U hodisa joyini sinchkovlik bilan oʻrganishni, sodir etilgan jinoyatga oid izlar, ashyoviy dalillarni mukammal toʻplab, ekspertiza qilishni talab qiladi. Amaliyot davrida oʻndan ortiq kriminalitik ekspertizalar oʻtkazib, sodir etilgan jinoyatlarning fosh etilishiga hissa qoʻshdi. Bunda tajribali ustozlarimning maslahat va yoʻl-yoʻriqlari amaliy koʻnikmalarimni yana-da oshirishga turtki bermoqda.

Aytish kerakki, amaliyot davrida kursantlarga profilaktika inspektorlari, ekspert-kriminalistlar, malakali tergov va jinoyat qidiruv xodimlarining biriktirilgani ishni samarali tashkil etish, hududlarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatlarni “issiq izi”dan fosh etish, tergov-surishtiruv harakatlari va tezkor-qidiruv tadbirlari hamda turli ekspertizalarni sifatli oʻtkazishga xizmat qilmoqda.

photo5429172673616915677.jpg

– Akademiyamiz tashabbusi bilan poytaxtimizdagi ichki ishlar organlarida mutaxassislik kafedralarning maxsus filiallari tashkil etilgan boʻlib, amaliy mashgʻulotlar shu yerning oʻzida oʻtkazib kelinmoqda, – deydi 3-bosqich kursanti Sayram Asqarova. – Qolaversa, joriy oʻquv yilidan boshlab fanlarni aʼlo baholarga oʻzlashtirayotgan bitiruvchi kurs kursantlari uchun poytaxtimizning beshta tumanida kunlik ish oʻrganish amaliyotini tashkil etish yoʻlga qoʻyildi. Bu ham sohaga oid malaka va koʻnikmalar hamda professional mahoratimizni yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda har bir kafedrasi qoshida ilmiy toʻgaraklar samarali faoliyat koʻrsatmoqda. Soʻnggi yillarda iqtidorli kursant tengdoshlarimiz respublika fan olimpiadalari va bilimlar belashuvida faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritib kelishmoqda.

Darhaqiqat, taʼlim jarayoniga tatbiq etilayotgan yangilanishlar kadrlar tayyorlash sifatini oshirmoqda. Joriy yildan Oʻquv jarayonini monitoring qilish markazi faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi. Taʼlim jarayonini kuzatish, oʻquv-tarbiya sifatiga salbiy taʼsir etuvchi omillarni aniqlash, yuzaga kelish sabab va sharoitlarini oʻrganish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda taʼlim jarayoni samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif-tavsiyalar ishlab chiqish ushbu markazning asosiy maqsad vazifalari sanaladi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, markaz tomonidan bugungi kunda ichki ishlar organlari uchun malakali kadrlar tayyorlashning taʼlim jarayoni monitoringini olib borish va sifatini nazorat qilish ishlari samarali yoʻlga qoʻyilgan. Bunda asosan kursant (tinglovchi)lar bilimlarining taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari davlat taʼlim standartlari, malaka talablariga muvofiqligi keng tahlil qilinmoqda. Umuman oʻquv jarayoniga tatbiq etilgan bu yangilik taʼlim sifatini yuksaltirish, oʻquv jarayonini monitoring qilish orqali nazariy va amaliy mashgʻulotlarni zamon talablari darajasida yoʻlga qoʻyish imkonini bermoqda.

photo5429474669947366671.jpg

– Mashgʻulot oʻtkaziladigan har bir xona va auditoriyalar, oʻquv zallari raqamli videokameralar bilan toʻliq taʼminlangan. Professor-oʻqituvchilarimiz hamda tinglovchi-kursantlarimizning mashgʻulotlarga qtnashishi, taʼlim jarayoniga yondashuvi tasvirga olib boriladi. Mutaxassislarimiz ushbu videotasvirlar orqali har bir jarayonni baholab borishadi, – deydi markaz xodimi, kapitan Behzod Isayev.

Akademiyadagi taʼlim jarayonini xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalarisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Qator hamkor tashkilotlar, shuningdek Xitoy, Turkiya, Rossiya singari mamlakatlarning oliy taʼlim muassasalari bilan birgalikda oʻtkazilayotgan seminar-treninglar professor-oʻqituvchilar hamda kursantlar uchun oʻzaro tajriba almashish, zamonaviy yutuqlarni ommalashtirishga keng yoʻl ochmoqda.

photo5429474669947366670.jpg

Shu oʻrinda Ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi faoliyati haqida ham toʻxtalsak. Ushbu markaz tomonidan respublikamiz viloyatlarining kriminogen holati ilmiy jihatdan oʻrganilib, jinoyatlarning sodir etilish sabablari, bunga imkon berayotgan shart-sharoitlar va ularni bartaraf etish chora-tadbirlari yuzasidan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida Akademiya professor-oʻqituvchilaridan tuzilgan ishchi guruhi Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining kriminogen holatini tumanlar kesimida oʻrganib qaytdi. Oʻrganishlar natijasida hududlarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida tizimdagi islohotlarni davom ettirish, ichki ishlar idoralarini odamlarimizning ogʻirini yengil qiladigan tuzilmaga aylantirish zarurligiga eʼtibor qaratdi. Sohadagi yangilanishlar samarasi albatta kadrlarning bilim salohiyati va kasbiy koʻnikmasiga bogʻliq. Akademiyadagi taʼlim jarayoniga tatbiq etilayotgan zamonaviy yondashuvlar ham kelgusida ana shu maqsadga xizmat qiladi.

photo5429474669947366669.jpg

Jamshid XOLOV,

IIV Akademiyasi matbuot xizmati xodimi,

katta leytenant


24 736
OʻzA