Zamonaviy, qulay va tezkor
Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotning barcha sohalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilayotgani aholi va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari soni va sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotning barcha sohalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilayotgani aholi va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari soni va sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.Bunday tizim davlat organlarida foydalanilayotgan axborot tizimlari, axborot resurslari va ma’lumotlar bazasini integratsiyalashga zamin yaratdi. Bu davlat boshqaruvi samaradorligini yanada oshirish, davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida hujjatlarni tayyorlash va ularga ishlov berishga ketadigan vaqt va xarajatni kamaytirish imkonini bermoqda. Elektron hukumat davlatga nafaqat iqtisodiy foyda keltiradi, balki davlat boshqaruvida ochiqlikni ta’minlash orqali xalqning unga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasida ham jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali xizmat ko‘rsatish borasida ko‘plab qulayliklar yaratilgan.
– Elektron davlat xizmatlari va elektron xizmatlardan foydalanish darajasi tobora yuksalmoqda, – deydi Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sirojiddin Eshmatov. – Elektron tarzda davlat soliq organlari funksiyasini bajarish va davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Boshqarma tomonidan elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha so‘rovlarni puxta va sifatli qayta ishlash hamda foydalanuvchilarning murojaatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. Bu yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, xarajatlar sarfini qisqartirishga xizmat qilmoqda.
Elektron davlat xizmatlari va elektron xizmatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-sayti, hududiy davlat soliq xizmati organlari va qo‘mita tasarrufidagi tashkilotlarning veb-saytlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, mobil ilovalar, mobil telefonlar, statsionar telefonlar va boshqalar orqali ko‘rsatilmoqda.
Elektron davlat xizmatlari to‘liq yoki qisman avtomatlashtirilgan bo‘lishi mumkin. To‘liq avtomatlashtirilgan xizmatlar inson aralashuvisiz, qisman avtomatlashtirilgan xizmatlar esa mas’ul mansabdor shaxslar ishtirokida ko‘rsatiladi.
Davlat soliq qo‘mitasining 31 turdagi elektron davlat xizmati, jumladan, 18 interaktiv va 13 axborot xizmati my.soliq.uz saytiga joylashtirilgan. 27 turdagi ochiq ma’lumotlar, “Jismoniy shaxslarning soliqlari bo‘yicha maslahatchi” interaktiv xizmati yordamida jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq turlari, ularning stavkalari, mavjud imtiyozlar va ulardan foydalanish, to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summalarini mustaqil ravishda hisoblab chiqish imkoniyati ham yaratilgan.
Masalan, soliq organlari bilan davlat xokimiyati va boshqaruvining boshqa organlari, bank muassasalari va moliyaviy tusdagi, shuningdek, ko‘chmas mulk bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar o‘rtasida axborot ayirboshlashni birxillashtirish, daromadlar, to‘langan soliqlar va xo‘jalik yurituvchi subyektlar, jumladan, jismoniy shaxslar tomonidan ijtimoiy va boshqa sug‘urta bo‘yicha davlat jamg‘armalariga to‘lovlarni hisobga olishni birxillashtirish maqsadida barcha moliyaviy hujjatlarda soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) qo‘yilishi belgilab qo‘yilgan.
Aholi tomonidan STIR raqamlarini aniqlash va STIR olingani to‘g‘risidagi guvohnoma olish uchun soliq idoralariga murojaat ortmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida 48 mingdan ziyod fuqaro STIR olish maqsadida hududiy davlat soliq inspeksiyalariga murojaat qilgan. Bugungi kunda soliq idoralariga kelmasdan STIR raqamini aniqlash, agar STIR mavjud bo‘lmasa, masofadan turib soliq idorasidan ro‘yxatdan o‘tib, STIR olish imkoniyati mavjud.
Buning uchun internetdagi elektron soliq xizmatlari my.soliq.uz portaliga murojaat qilish lozim. Mazkur portalning “Ma’lumotnomalar olish” bo‘limidagi “STIRingizni aniqlang” xizmatiga kirib pasport ma’lumotlarini kiritish bilan STIR raqami to‘g‘risidagi guvohnomani olish mumkin. Mabodo, fuqaro soliq idorasida ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa (ilgari STIR olmagan bo‘lsa) portalning “Ro‘yxatga olish” bo‘limidagi “Jismoniy shaxslarni hisobga olish” xizmati orqali kerakli ma’lumotlarni kiritib, ro‘yxatdan o‘tishi va STIR raqami to‘g‘risidagi guvohnomani olishi mumkin.
– Masalan, joriy yilning o‘tgan davrida mingdan ortiq fuqaro soliq idoralariga bormasdan my.soliq.uz portali orqali STIR raqami to‘g‘risidagi guvohnomani shakllantirib olgan, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi mas’ul xodimi Zokir G‘oyibnazarov. – Ammo co‘nggi vaqtlarda soliq idoralarida STIR olish uchun kelgan fuqarolarning soliqlardan qarzdorligi mavjud emasligini so‘rash holatlari ko‘p uchramoqda. Bu mutlaqo noto‘g‘ri va STIR olish uchun fuqaroning pasport nusxasidan boshqa hujjat talab etilishi mumkin emas. Yana bir gap my.soliq.uz portali orqali shakllantirilgan STIRga muhr qo‘yilmaydi. U shu holatda yuridik kuchga ega.
Darhaqiqat, fuqarolarga soliq idoralariga kelmasdan o‘ziga kerakli ma’lumot va maslahatlarni onlayn tizimida qisqa muddatda olishi ham vaqtning, ham mablag‘ning tejalishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, tadbirkorlik subyektlari uchun bunday qulayliklar yaxshi samara beradi.
Davlat soliq boshqarmasining elektron xizmatlari qatorida korxona va tashkilotlarda ishlovchi xodimlarning mol-mulk va yer soliqlaridan bo‘lgan qarzdorligi yoki joriy yil uchun hisoblangan mahalliy soliqlarini shaxsiy kabinet orqali onlayn to‘lash imkoniyati ham yaratilgan. Bunda egaligidagi mulki yoki yeridan soliq qarzdorligi bo‘lgan (jumladan, joriy soliqlari to‘lanmagan) xodimlar ro‘yxati avtomatik tarzda korxonalarning shaxsiy kabinetida shakllanib turadi. Ish beruvchi o‘z xodimining arizasiga muvofiq, mahalliy soliqlarni bitta tugmani bosish orqali byudjetga o‘tkazib berishi mumkin. To‘lovlar avtomatik ravishda xodimning shaxsiy kartochkasiga yoziladi hamda qarzdor xodimlarning reyestrini qog‘oz shaklida soliq idorasiga taqdim etishga ehtiyoj qolmaydi. Muhimi, ushbu to‘lov tizimlaridan foydalanish mutlaqo bepul. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida tizimdan 231 yuridik shaxs foydalanib, 1 ming 180 dan ortiq xodim 68,9 million so‘m yer va mol-mulk solig‘ini internet orqali to‘lab berdi.
Muxtasar aytganda, elektron davlat xizmatlaridan foydalanish tizimining rivojlanayotgani aholining ham vaqti, ham naqdi tejalishiga, ish unumining ortishi va turmush farovonligiga xizmat qilmoqda.