O‘zA O`zbek

10.01.2019 20:43 Chop etish versiyasi

Yosh dasturchi qizlar tanlovi

Yosh dasturchi qizlar tanlovi Oʻzbekistonda “Technovation Uzbekistan” respublika tanlovi mentor va ishtirokchilarini roʻyxatga olish boshlandi. Ushbu tanlov 10 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasida oʻtkaziladigan “Technovation Challenge” xalqaro tanlovining saralash bosqichi hisoblanadi.

Tanlov Oʻzbekiston Bolalar va oilalarni qoʻllab-quvvatlash assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Yoshlar ittifoqi, BMT Taraqqiyot dasturi, Toshkentdagi Inha universiteti hamkorligida tashkil etilmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi maʼlumotlariga koʻra, “Technovation Challenge” xalqaro tanlovi 2010 yildan buyon dunyoning qariyb 80 mamlakatida oʻtkazib kelinmoqda. Ular orasida Oʻzbekiston ham bor. Texnologik ishlanmalar tanlovi doirasida qizlar jamoalarini tashkil etish koʻzda tutilgan. Unda ishtirokchilar ustoz va murabbiylar rahbarligida dolzarb muammoni aniqlashi, uni hal etish uchun ilova yaratishi, loyihani tijorat jihatidan amalga oshirish uchun kompaniya tuzishi kerak boʻladi. Ushbu dasturda qatnashish qizlarda tanqidiy fikrlash, tadbirkorlik va dasturlash, jamoada ishlash va auditoriya bilan muloqot qilish koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Oʻzbekistonlik qizlar “Technovation Challenge” xalqaro tanlovida uchinchi marotaba ishtirok etmoqda. Oʻtgan yili mamlakatimizning “Generation Z“ qizlar jamoasi kichik yosh guruhi boʻyicha dunyoning oltita eng kuchli jamoasi qatoriga kirdi va tanlovning Kaliforniya (AQSH)da boʻlib oʻtgan final bosqichida mamlakatimiz shaʼnini himoya qildi.

Joriy yilda jamoalar ikki guruh – 10 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan va 15 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan guruhlarga boʻlinadi. Ularga tajribali murabbiylar biriktiriladi va ular 3 oy mobaynida zamonaviy dasturiy mahsulotlarni dasturlash va ishlab chiqish koʻnikmalarini oʻrganadilar. Ushbu bilimlar qizlarga aniq muammoni hal etishga qaratilgan mobil ilovalarni yaratish imkonini beradi. Tanlovning respublika bosqichi yakunida ishtirokchilar oʻz biznes-rejasini tuzib, hayʼat aʼzolari eʼtiboriga qisqa video-taqdimot hamda loyihalarini havola etadi. Respublika saralash bosqichi gʻoliblari “Technovation Challenge” tanlovining onlayn-rejimida oʻtkaziladigan yarim final bosqichiga yoʻllanma oladi.

Taniqli olim, dasturchi va biznesmenlardan iborat xalqaro hayʼat aʼzolari yuzlab ishtirokchilarning ishlari bilan tanishib, 10 nafar finalistni saralab oladi. Aynan ana shu jamoa tanlovning San-Fransisko (AQSH)da boʻlib oʻtadigan yakuniy bosqichida ishtirok etadi.



Roman Bondarchuk, OʻzA