Yangi media nashr
Namanganda Namnews.uz yangi elektron nashri faoliyat boshladi.
Namanganda Namnews.uz yangi elektron nashri faoliyat boshladi.
Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi globallashuv davrida aholining to‘g‘ri va ishonchli axborotga bo‘lgan talab va ehtiyojini to‘la qondirish, yangiliklardan tezkor va xolis xabardor etish strategik ahamiyatga ega bo‘lgan muhim vazifadir. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi muassisligida tashkil etilgan mazkur yangi internet nashri ham xuddi shu maqsadga yo‘naltirilgan.
– Namnews.uz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining o‘n to‘rt million so‘mlik grant mablag‘i ko‘magida tashkil etildi, – deydi elektron nashr muharriri R.Irisov. – Aholining siyosiy-huquqiy madaniyatini, ma’naviy olamini yanada boyitish, Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda erishilayotgan yutuqlar haqida tezkor xabar tarqatish bilan birga, internet jurnalistikani rivojlantirishga ko‘maklashish ham maqsad qilingan.
Yangi saytning “Siyosat”, “Iqtisod”, “Ma’naviyat”, “Yoshlar”, “Sport”, “Jamoatchilik nazorati” kabi sahifalari orqali viloyatda yuz berayotgan o‘zgarishlar, yangiliklar, erishilayotgan yutuq va muvaffaqiyatlar haqida xabardor bo‘lib borish, dolzarb mavzudagi tahliliy mavzular bilan tanishish mumkin.
– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor, ayniqsa, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yo‘lida yaratilayotgan keng imkoniyatlar samarasi bo‘lgan ushbu sayt materiallari har kuni ikki-uch marta yangilab turiladi, – deydi elektron nashr koordinatori Ulug‘bek Ro‘zimatov. – Uni yanada takomillashtirish, mazmun-mundarijasini boyitib borish ustida izlanishlar davom etmoqda.