Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.09.2017 20:37 Chop etish versiyasi

Yagona integrator AKT sohasi taraqqiyotiga xizmat qiladi

“Elektron hukumat” tizimi yaratilgani mamlakatimizda fuqarolik jamiyati yanada rivojlanishiga ta’sir qiluvchi muhim omillardan biri bo‘ldi. Bu tizim davlat tashkilotlari, biznes va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatning samarali mexanizmi shakllanishi, talab yuqori bo‘lgan yangi interaktiv davlat xizmatlarini ishlab chiqishga zamin yaratdi. Bu davlat axborot tizimlarini qo‘llab-quvvatlaydigan Yagona integrator yordamida mazkur tizim taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tardi.

“Elektron hukumat” tizimi idoralararo aloqaning ko‘plab mexanizmlarini takomillashtirish, davlat muassasalari va kompaniyalar faoliyatida elektron hujjat almashish ko‘lamini kengaytirish, axborot tizimlarining yangi ixtisoslashtirilgan majmualarini joriy qilish kabi qator muhim bosqichlardan o‘tdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 29-avgustdagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi loyihalarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bu jarayonni tartibga solishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hujjatga binoan AKT sohasidagi loyihalarni boshqarish tizimida salmoqli o‘zgarishlar amalga oshirilgan. Xususan, “Uzinfocom” komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy qilish markazi bazasida davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yagona integrator tashkil etilgan.

Yangi tashkilot zimmasiga axborot tizimlari, “Elektron hukumat” tizimidagi zaxira hamda dasturiy ta’minot mahsulotlari, iqtisodiyot sohasidagi axborot texnologiyalarini ishlab chiqish, ularning joriy qilinishi va integratsiyasini ta’minlash, shuningdek, tegishli loyihaviy va texnik hujjatlarni tayyorlash vazifasi yuklatilgan. Ayni paytda davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yagona integrator aholi hamda biznesga taqdim etilayotgan davlat elektron xizmatlari sifatini takomillashtirish, mahalliy AKT bozori va “Elektron hukumat” tizimi loyihalarini amalga tatbiq etishga mahalliy korxona va tashkilotlarni jalb qilish yo‘li bilan dasturiy mahsulotlar tarmog‘ini rivojlantirishni rag‘batlantirish bilan ham shug‘ullanadi. U, shuningdek, “Elektron hukumat” tizimi, axborot tizimlari, davlat tashkilotlarining zaxira va dasturiy ta’minot mahsulotlari, korxona va tashkilotlar infratuzilmasining texnologik xavfsizligini ta’minlaydi. Yagona integrator idoralararo elektron muloqotning axborot tizimi va tarmoqlarini joriy etish, davlat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining Yagona milliy axborot tizimi faoliyati doirasida axborot almashish imkonini beradi.

Yuqori texnologik xizmatlar va mahsulotlar ko‘lamini xalqaro talablarga mos ravishda kengaytirish orqali mahalliy AKT bozori va dasturiy mahsulotlar tarmog‘ining eksport salohiyatini oshirish davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yagona integrator zimmasidagi eng muhim vazifalardan biridir. Bu nafaqat yangi mahalliy yuqori texnologik mahsulotlar, balki yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatini ham beradi.

Yagona integratorga tegishli litsenziya hamda ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlarsiz telekommunikatsiya sohasida faoliyat yuritish va o‘quv kurslari tashkil etish vakolati berilgan. Shuningdek, Yagona integrator loyihaviy va texnik hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha pudrat va subpudrat ishlarini amalga oshirish bo‘yicha xo‘jalik subyektlari bilan shartnoma tuzish, axborot tizimlari, zaxirasi hamda dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqish huquqiga ham ega.

Shu tarzda davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yagona integrator “Elektron hukumat” tizimining yanada taraqqiy etishi, davlat tashkilotlari tomonidan aholi hamda biznesga taqdim etilayotgan interaktiv xizmatlar sifatini oshirish, mahalliy dasturiy ta’minot sanoati rivojlanishiga xizmat qiladi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
2 290






Все о погоде - Pogoda.uz