O‘zA O`zbek

04.09.2019 Chop etish versiyasi

Xalqaro kompaniyalar konsorsiumi Jizzaxda yirik loyihani amalga oshiradi

Xalqaro kompaniyalar konsorsiumi Jizzaxda yirik loyihani amalga oshiradi

Bu haqda viloyatda bo‘lib o‘tgan ikkinchi xalqaro investitsiya forumida Germaniyaning “HPO Service” kompaniyasining loyihalar bo‘yicha menejeri Valeriy Larin ma’lum qildi. 

Jizzax viloyati hududi tabiiy qazilmalarga, ayniqsa, yarimmetal rudalarga boy. Shu imkoniyatni hisobga olgan Germaniyaning “HPO Service”, Amerikaning “Intertech Process Technology”, Kanadaning “SERPO Mineral Systems” va Daniyaning “Alliance Capital” kompaniyalarining xalqaro konsorsiumi Forish tumanida Uchquloch polimetall rudalar koni bazasida kon-boyitish majmuasini qurishni rejalashtirmoqda.

– Loyiha qiymati 450 million dollarga baholanmoqda, – dedi Valeriy Larin. – U besh bosqichda amalga oshiriladi. Majmua yiliga 5 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. Unda rux, qo‘rg‘oshin va kadmiy konsentrati ishlab chiqariladi. Mahsulotning bir qismi Jizzax akkumulator zavodiga yetkazib beriladi.

Investorlar joriy yil oxiriga qadar kondan foydalanish uchun litsenziya olishni rejalashtirmoqda.

9 108
Toshqul BEKNAZAROV, O‘zA