Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.01.2017 19:58 Chop etish versiyasi

UZ domeni rivojlanmoqda

"Uzinfocom" komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazida «Yangi internet tashabbusi – 2016» respublika tanlovi yakunlari sarhisob qilindi va g‘oliblarga domen hamda xosting olish uchun sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda UZ domeni saytlari ko‘paygani va internet tarmog‘ida O‘zbekiston milliy segmentining rivojlanib borayotgani mamlakatimizda axborot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi ekani ta’kidlandi. Ayni paytda aksariyat vazirlik, idora va davlat tashkilotlari, tibbiyot hamda ta’lim muassasalari o‘z saytlariga ega. So‘nggi yillarda mamlakatimiz internet-resurslari dizayni va ularda axborotni yangilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Internet va optik tolali texnologiyalarning rivojlantirilishi ilm-fan, ta’lim, tibbiyot, milliy an’analar va madaniyat, turizm va boshqa sohalarga bag‘ishlangan saytlar yaratilishiga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi hamda "Uzinfocom" komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi tomonidan tashkil etilgan "Yangi internet tashabbusi – 2016" tanlovi internet tarmog‘ida milliy segmentni rivojlantirish, foydali internet-resurslar sonini ko‘paytirishga qaratilgan. Tanlovning dastlabki bosqichida ishtirokchilar yangi internet-resurs uchun o‘z g‘oyasini taqdim etdi, madaniyat va san’at, sog‘liqni saqlash, ta’lim, chet tillarni o‘rganish, O‘zbekiston hayvonot va nabotot olami, o‘zbek tili va adabiyoti, turizm, sport, erkin nominatsiya kabi 9 yo‘nalishda g‘oliblik uchun kurashdi. Tanlov hay’ati qarori bilan ikki yuzdan ortiq arizadan eng yaxshi 14 g‘oya g‘olib chiqdi. Ikkinchi bosqichda birinchi bosqich g‘oliblari g‘oyalarini texnik tatbiq etish bilan shug‘ullanadigan internet-resurslar ixtirochilari tanlab olindi.

– Har kuni hayotimiz uchun muhim bo‘lgan turli kimyoviy reaksiyalarga duch kelamiz, – deydi tanlov g‘olibi Shodlik Bobojonov. – Men yaratgan «Kimyo laboratoriyasi» sayti, ya’ni o‘ziga xos virtual kimyo laboratoriyasida kimyoviy moddalar va birikmalar xususiyatlari haqida ma’lumotlar bilan tanishish mumkin. Videoroliklar va interfaol qo‘llanmalar esa maktab o‘quvchilari va talabalarga ko‘plab kimyoviy reaksiyalar hamda jarayonlar mohiyati, ahamiyatini yaxshiroq tushunish, o‘zlashtirgan bilimini tekshirish imkonini beradi. Tanlov tashkilotchilarining qo‘llab-quvvatlashi samarasida o‘z g‘oyamni amalga oshirishni boshladim va yaqin vaqt ichida mazkur saytni internet tarmog‘iga joriy qilamiz.

Roman Bondarchuk, O‘zA
975






Все о погоде - Pogoda.uz