O‘zA O`zbek

19.04.2019 Chop etish versiyasi

Uchuvchisiz samolyotlar davri yaqin(mi?)

Uchuvchisiz samolyotlar davri yaqin(mi?)

Har bir yoʻlovchi havo kemasini kimdir boshqarishini, yoʻlovchilarga kimdir ichimlik keltirishini, kamarlarni taqib olish haqida kimdir ogohlantirib turishini havo kemasida boʻlishi shart boʻlgan vazifalar deb tushunadi.

Muhandislar esa yaqin kelajakda samolyotlarning “oʻzi uchishini” bashorat qilishmoqda. 
Aslida ham uchuvchisiz qurilmalar insoniyat hayotiga kirib kelganiga ancha boʻldi. Ularning aksariyati harbiy va ilmiy maqsadlarda qoʻllanilmoqda.

Texnik nuqtai nazardan qaralganda, uchuvchisiz havo laynerlarini amaliyotga joriy etish uchun hech bir toʻsiq yoʻqdek. Ularni joriy etishga asosiy toʻsiq – inson faktoridir.

Turli aviakompaniyalarda oʻtkazilgan soʻrovnomalar natijasiga koʻra, yoʻlovchilar samolyotlarda “tirik” uchuvchilarni va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni koʻrishni istaydi.

“UBS Group AG” maʼlumotlariga koʻra, ayni damda AQSH aholisining 63 foizi uchuvchisi boʻlmagan samolyotlarda uchishni istamaydi. 

Uchuvchisiz samolyotlarga oʻtish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichda uchuvchilar soni qisqartiriladi — ikki uchuvchi oʻrniga bir uchuvchi xizmat koʻrsatadi. U ham faqatgina koʻtarilish va qoʻnish jarayonida elektron qurilmalar faoliyatini nazorat qiladi, xolos. 

Ikkinchi bosqichda transport aviatsiyasida uchuvchilar xizmatidan voz kechiladi. Axir ”quti”larga ularni kim manzilga yetkazishining nima qizigʻi bor? Qolaversa, halokat boʻlgan taqdirda ham, javobgarlik kamroq boʻladi. Faqat shundan keyingina insonlar katta havo kemalari ham uchuvchisiz ucha olishiga koʻnikkandan soʻng yoʻlovchi aviatsiyasi uchuvchisiz samolyotlar xizmatini yoʻlga qoʻyadi.

Uchuvchisiz texnologiyalarni joriy etish natijasida aviakompaniyalar oʻz xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi. UBS Group AG ekspertlari hisob-kitobiga koʻra, faqatgina “bir uchuvchi” tizimiga oʻtishning oʻzi aviakompaniyalarning har yilgi xarajatlarini 15 milliard dollarga qisqartiradi. Butunlay “uchuvchisiz uchish” esa 35 milliard dollarni iqtisod qiladi.

Uchish xarajatlarining kamayishi, buning natijasida biletlar narxining arzonlashuvi uchuvchisiz samolyotlarning hayotimizga kirib kelishini tezlashtiradi.

Tadqiqotlarga koʻra, ayni paytda yoʻlovchilarning 52 foizi bir uchuvchilik samolyotlarda uchishni istamaydi. Aviabiletlarning arzonlashuvi bu koʻrsatkichni ikki baravarga kamaytiradi. 

1 731
G.Azimova, OʻzA