O‘zA O`zbek

03.05.2020 Chop etish versiyasi

“Toyota” koronavirus davrida maxsus avtomobil ishlab chiqardi

“Toyota” koronavirus davrida maxsus avtomobil ishlab chiqardi

Yaponiyaning “Toyota” kompaniyasi mahsuloti — “Toyota Hiace” rusumli miniven avtomashinasi qayta ishlanib, Covid-19 infeksiyasi yuqqan ogʻir bemorlarni tashish uchun moslashtirildi. Ushbu maxsus transport vositasi endi yapon tibbiyotchilariga koʻmaklashadi.

Hozircha bunday avtomobillarni Yaponiya poytaxtida va ikki yon qoʻshni prefekturalar koʻchalarida uchratish mumkin. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, ayni payt mamlakatda koronavirusga uchraganlar 14 000 dan oshdi. Infeksiyadan halok boʻlganlar 455 nafar. Ana shunday murakkab vaziyatda tibbiyot xodimlarining mashaqqatli mehnatini biroz boʻlsa-da yengillatish maqsadida “Toyota” jamoasi “Hiace” rusumli 11 ta mini avtobusni yangidan jihozladi.

Mazkur mashinalarda havo aylanish tizimi oʻziga xos tarzda ishlangan. Salon ichida iflos havoni ushlamasdan, muntazam tashqariga haydab turadigan ventilyator oʻrnatilgan. Old kabina va orqa qism maxsus toʻsin bilan ajratilgan.

Mashinalarning birinchi partiyasi allaqachon Tokio kasalxonalaridan biriga yetkazib berildi. Xabar qilinishicha, endi kompaniya shu va shunga oʻxshash modellarni ishlab chiqarishda davom etadi. Qolaversa, biroz avvalroq ushbu avtozavod yuz uchun tibbiy himoya qalqonlari ishlab chiqara boshladi. Kompaniyada oyiga taxminan 40 000 ta shaxsiy himoya vositalari tayyorlanadi.

13 265
OʻzA