O‘zA O`zbek

28.10.2019 Chop etish versiyasi

Toshkentdagi koʻrgazmada Oʻzbekistondagi birinchi odamsimon robot taqdim etiladi

Toshkentdagi koʻrgazmada Oʻzbekistondagi birinchi odamsimon robot taqdim etiladi

29-oktyabr kuni “INNOWEEK” innovatsion gʻoyalar haftaligi boshlanadi. Uning doirasida oʻtkaziladigan koʻrgazmada esa Oʻzbekistondagi birinchi gumanoid-odamsimon robot taqdim etiladi. Bu haqida “International Robotics Challenge 2019” xalqaro robototexnika musobaqasi oldidan oʻtkazilgan press-tur davomida Robo Sumo musobaqasining tanlov hayati aʼzosi, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti ikkinchi bosqich magistranti Firdavs Nematzoda maʼlum qildi. Bu robot musobaqada ishtirok etmaydi va faqat koʻrgazmada uni taqdimoti oʻtkaziladi. Firdavs Nematzodaning qayd etishicha, koʻzi, boshi, qoʻli, oyoqlari harakatlanadigan robotning hatto boʻyi ham insonniki kabi - 180 santimetrni tashkil etadi. Sunʼiy intellektga ega qurilma, rus va ingliz tilida soʻzlasha oladi. U barcha savollarga internetga murojaat etib javob oladi. Gumanoid robotga uch oy davomida sunʼiy intellekt oʻrnatilgan boʻlib, hozirda yakuniy ishlar qilinmoqda.

“IRC 2019” chempionati 31-oktyabrgacha “Oʻzekspomarkaz” pavilyonlarida boʻlib oʻtadi. Musobaqada ikki yosh toifasi mavjud: 9 yoshdan 16 yoshgacha (Junior) va 17 yoshdan 23 yoshgacha (Senior). Har bir yosh toifasi turli tanlovlardan iborat.

“International Robotics Challenge 2019” chempionatida Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlardan jamoalar ishtirok etadi. Tashkilotchilarning maʼlumot berishicha, jami 25 mamlakat vakili unda qatnashish istagini bildirgan.

- Ushbu tanlovda qatnashishdan avval respublika bosqichi oʻtkazildi va unda saralangan eng yaxshi ishtirokchilar keyingi bosqichga yoʻl oldi deydi, Oʻzbekiston Robototexnika federatsiyasi prezidenti, Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshligʻi Olimjon Toʻychiyev.

Hozirda robototexnikaga ixtisoslashgan davlat maktablari yoʻq, ishtirokchilar qaysi taʼlim muassasalaridan qatnashayapti, degan savolga Olimjon Toʻychiyev javob berar ekan, asosan xususiy robototexnika maktablaridan nomzodlar qatnashayotganini qayd etdi.

- Lekin, hozirda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan takliflar ishlab chiqilmoqda. Unda aynan xalq taʼlimi tizimiga robototexnika fanlarini kiritish nazarda tutilgan. Demak, kelgusi yillarda ishtirokchilar soni yanada ortadi. Bu yil ikkinchi marotaba tanlov oʻtkazilmoqda. Biroq, bunday nufuzli koʻlamda Markaziy Osiyoda birinchi marotaba oʻtkazilmoqda. Uch kun mobaynida 220 nafar ishtirokchi ikki yoʻnalishda oʻzaro bahslashishadi. Eng koʻp ishtirokchilar Oʻzbekistondan.

Tadbir faqat robototexnika bilan cheklanmagan, xalqaro ishtirokchilar oliy taʼlim muassasalariga ham taklif etiladi, Kelajakda ular Oʻzbekistonda oʻqishga qiziqish bildirishsa bunga ham imkoniyat yaratiladi, dedi Olimjon Toʻychiyev.

29—31-oktyabr kunlari “Oʻzekspomarkaz”milliy koʻrgazmalar majmuasida boʻlib oʻtadigan INNOWEEK-2019 doirasida shuningdek, innovatsion va investitsiya forumi, innovatsion mahsulotlar koʻrgazmasi, Osiyo-tinch okeani texnologiyalar transferi markazining taqdimoti ham boʻlib oʻtadi.

2 187
N. Toshpo'latova, O'zA