Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 18:46 Chop etish versiyasi

Toshkentda «ICTSUMMIT-2017» sammiti bo‘lib o‘tdi

«O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazma majmuasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga bag‘ishlangan «ICTSUMMIT-2017» sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Jahon banki, Xitoy, Belarus, Rossiya, O‘zbekiston kabi mamlakatlarning AKT bozorlari mutaxassislari, davlat organlari, ijtimoiy va xalqaro tashkilotlar vakillari, mahalliy va xorijiy AKT kompaniyalari, jumladan, «HUAWEI», «Microsoft», «Beltelecom», «IBM» xodimlari ishtirok etdi.

Sammit O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tashkil etildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 30-iyundagi «Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq AKT dasturiy ta’minoti sanoatini jahon standartlariga mos ravishda yanada rivojlantirish, mahalliy ishlab chiquvchilarning raqobatbardosh dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyatini kengaytirish uchun barcha sharoit yaratildi.

Sammit ishtirokchilari O‘zbekistonda AKTning holati va rivojlanish istiqbollari, davlat boshqaruviga axborot texnologiyalarini tatbiq etish, «Elektron hukumat» tizimi rivojlanishi va undan foydalanish infratuzilmasidagi muammo va yutuqlar, shuningdek, elektron tijorat istiqbollarini muhokama qildi.

– G‘oya, tajriba va texnologiyalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashish AKT rivojlanishini rag‘batlantiradi, uning taraqqiyot tamoyillarini belgilash imkonini beradi, – deydi «HUAWEI Technologies Co. Ltd.» (XXR) kompaniyasi texnik direktori Pol Skanlan. – Ushbu AKT sammitida to‘rtinchi bor ishtirok etayapman, bu O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan axborotlashtirish va komputerlashtirish jarayonlari hamda AKT integratsiyasini jadallashtirish uchun davlatingiz tomonidan yaratilayotgan sharoitlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumotga ega bo‘lish imkonini berdi.

– O‘zbekistonda AKT bozori barqaror rivojlanib, telekommunikatsiya va mobil tarmoqlar modernizatsiya qilinmoqda, kengaytirilmoqda, – deydi Jahon banki raqamli strategiya bo‘yicha maslahatchisi Sudan Randip. – Bu esa raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi. Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, o‘z navbatida, elektron mahsulot va xizmatlar taqdim etishga mo‘ljallangan yangi kompaniyalar tashkil etilishiga xizmat qiladi. Bu mamlakat iqtisodiyotining o‘sish sur’atlarini jadallashtirishga olib keladi.

Sammit mutaxassislarga, davlat organlari va xalqaro tashkilotlarga, shuningdek, xususiy sektorga AKT bozori holatini tahlil qilish, ushbu sohadagi yangi yutuqlar bilan tanishish, barqaror va ishonchli hamkorlar topish, mamlakatimizda AKTni yanada keng joriy etish uchun qo‘shimcha investitsiya zaxiralari jalb etish imkoniyatini berdi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
2 729






Все о погоде - Pogoda.uz