O‘zA O`zbek

23.10.2018 Chop etish versiyasi

Toshkentda gulchangi tutqichlari oʻrnatildi

Toshkentda gulchangi tutqichlari oʻrnatildi Toshkentda oʻtkazilayotgan “InnoWeek” Innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida poytaxtimizdagi ikki bino tomida oʻrnatilgan ikkita zamonaviy gulchangi tutqichlarining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish va Sogʻliqni saqlash vazirliklari, Vena tibbiyot instituti vakillari, yurtimizdagi shifokorlar, ekologlar va jurnalistlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda taʼkidlanganidek, bugungi kunda sayyoramizning 20 foiz aholisi allergiyadan aziyat chekadi. Shu kungacha allergiyasi borlar gulchangi havoda allergik reaksiyalardan soʻnggina paydo boʻladi, deb bilishgan. Yangi uskuna gulchangini monitoring qilish va allergiya mavsumi boshlanishini prognoz qilish imkonini beradi, bu esa, oʻz navbatida, kasallik kuchayishini ogohlantirishga sharoit yaratadi. Shu tariqa, poytaxtimiz aholisi oʻzlarining mavsumiy allergiyasini nazorat qilish imkoniga ega boʻladilar.

Gulchangini monitoring qiluvchi yangi stansiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Vena tibbiyot instituti hamkorligida taqdim etildi va oʻrnatildi. Yurtimizdagi ilk gulchangi tutqichlari Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan shifokor Maqsudovaning innovatsion klinikasi va poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan Ilgʻor texnologiyalar markazi binolarida oʻrnatildi.

Ularda yigʻiladigan gulchanglari allergiyadan aziyat chekuvchi fuqarolar oʻpkasiga tushishi mumkin boʻlgan zarralar toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot olish maqsadida tadqiq etiladi. Olingan maʼlumotlar 2019 yildan boshlab Innovatsion rivojlanish vazirligining rasmiy saytida muntazam joylashtirib boriladi.

Tutqichlar yordamida olingan maʼlumotlar allergenlarning ehtimoliy sabablarini bartaraf etish imkonini beradi, bu aniq tashxis qoʻyish uchun sarf etiladigan vaqtni tejabgina qolmay, keraksiz tahlillar sonini ham kamaytiradi.



15 828
Roman Bondarchuk, OʻzA