O‘zA O`zbek

31.10.2019 Chop etish versiyasi

Toshkent axborot texnologiyalari universitetida qiymati 1,6 mln. AQSh dollarini tashkil etadigan media-markaz ochildi

Toshkent axborot texnologiyalari universitetida qiymati 1,6 mln. AQSh dollarini tashkil etadigan media-markaz ochildi

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari orasida yagona bo‘lgan o‘quv media-markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Umumiy qiymati 1,6 mln. AQSh dollarini tashkil etadigan ushbu markaz 2017 yilning 6 dekabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi hamda Yaponiya hukumatlari o‘rtasida “Toshkent axborot texnologiyalari universitetining o‘quv media-markazi faoliyatini tashkil yetish to‘g‘risida” gi notalar almashinuvi va grant kelishuviga ko‘ra asos solindi.

O‘quv media-markazining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) vitse-prezidenti janob Kazuxiko Kashikava, Yaponiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi janob Fujiyama Yoshinori, shuningdek, universitet rahbariyati va professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etishdi. 

– Axborot kommunikatsiya texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanishi tele va media olamiga ham juda katta ta’sir qilmoqda,- dedi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori To‘lqin Teshabaev. – Ya’ni innovatsion texnologiyalar rivoji jahon media makoniga yangi, har tomonlama davr va makonga mos raqamli texnologiyalarni taqdim etmoqda. Vaholanki, bunday ilg‘or texnologiyalar bilan ishlaydigan mutaxassislarni tayyorlash davrimizning, umuman, ta’lim tizimining muhim va dolzarb masalalaridan biridir. Bugungi kunda Universitetimizda faoliyat yuritayotgan Televizion texnologiyalar fakulteti esa talabalarimizga televizion texnologiyalar, audiovizual texnologiyalar, telestudiya tizimlari va ilovalari, videotexnologiyalar hamda zamonaviy media mahsulotlar bo‘yicha ta’lim beradigan eng ilg‘or fakultetlardan biridir. 

Ochilish marosimidan so‘ng tadbir ishtirokchilari va mehmonlarga media-markazning barcha imkoniyatlari, o‘rnatilgan eng ilg‘or texnologiyalar, media-markazning faoliyati to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.

Media o‘quv markazida texnik qurilmalarni yetkazib berish va o‘rnatish ishlari Yaponiyaning Marubeni kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan. Loyiha doirasida, teledasturlarni suratga olish, yoritkich qurilmalari, virtual studiya, video montaj tizimi va raqamli foto, audio yozish uskunalari va media pavilyonni boshqarish qurilmalari o‘rnatilgan.

1 199
O‘zA