O‘zA O`zbek

18.06.2019 Chop etish versiyasi

Tez orada kameralar insonlarning yuzini farqlay boshlaydi

Tez orada kameralar insonlarning yuzini farqlay boshlaydi

Dushanbe shahridagi videokuzatuv tizimida yangilik - tez orada kameralar insonlarning yuzini farqlay boshlaydi. Tojikiston rasmiylarining fikricha, xavfsizlikning yangi tizimi yoʻqolganlarni qidirish va jinoyatlarning oldini olishga yordam beradi.

Yangi videokuzatuv kameralari Tojikistonning yirik shaharlariga oʻrnatiladi. Poytaxtda qiyofalarni aniqlovchi videokameralar Dushanbe xalqaro aeroportiga, temiryoʻl vokzaliga, yirik savdo markazlari va bozorlar, oromgohlar, odamlar toʻplanadigan boshqa joylarga oʻrnatiladi, dedi Radio Ozodi bilan suhbatda “Shahri bexatar” markazi rahbarining oʻrinbosari Furqat Shoimardonov.

Xabarlarga koʻra, dastur bir necha soniyalarda katta hajmdagi maʼlumotlarni toʻplash va tahlil qilishga qodir boʻlgan sunʼiy intellektga asoslangan. Tizim raqamli tasvirni koʻzdan kechiradi va noyob xususiyatlarni aniqlaydi, bu insonlar yuzini aniqlash va boshqa qiyofalar bilan solishtirish imkonini beradi. “Agar kamera oʻrnatilsa, yuz koʻrinishi 25 foiz oʻxshash boʻlgan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bizning markazga kelib tushadi”, - deya taʼkidlaydi Furqat Shoimardonov.

Tojikistonda odil sudlovdan qochib yurgan jinoyatchilarni, shuningdek, bedarak yoʻqolgan fuqarolarni qidirish mamlakat IIV saytida eʼlon asosida olib boriladi. Rasmiylar fuqarolarga murojaat qilib qidiruvda boʻlgan ogʻir jinoyat sodir etgan jinoyatchilarni topishda yordam berishini va buning uchun mukofot berilishini taʼkidlab keladi.

“Xavfsiz shahar” markazining maʼlum qilishicha, Dushanbe va boshqa yirik shaharlarda Xitoyning “Huawei” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan videokuzatuv kameralari oʻrnatiladi.

Eslatib oʻtamiz, 2013-yilning oktyabrida Dushanbeda “Shahri bexatar” tizimi joriy qilingan, uning doirasida poytaxtning 75 ta chorrahasi va markaziy koʻchalariga 855 ta videokuzatuv kameralari oʻrnatilgan edi. Loyihani hayotga tatbiq etish maqsadida 22 million dollar sarflandi. Bu mablagʻlarning 20,9 million dollari Xitoy tomonidan SHHT doirasida berilgan uzoq muddatli kreditdir. Qolgan 1,1 million dollari esa tojik tomonining hissasidir.

“Xavfsiz shahar” loyihasi oʻtgan yili 2 millionta huquq buzilishlarini aniqladi, jarimalar natijasida tushgan pullar 132 million somoni (14 million dollarga yaqin)dan oshib ketdi, deya xabar beradi mahalliy rasmiylar.

Dushanbening koʻplab aholisi xavfsizlikning yangi tizimini qoʻllab-quvvatlaydi. Biroq oʻzini Saidakbar deya tanishtirgan mahalliy aholi vakilining aytishicha, yangi tizim korrupsiyaga sabab boʻlishi mumkin, chunki huquq tartibot idoralarining ayrim nopok xodimlari “mukofot evazi”ga gumondorlarning suratini olib tashlashi mumkin ekan.

Oʻtgan yili Dushanbedagi Ayniy nomidagi dam olish parki suniy intellekt elementlari mavjud boʻlgan Dahua videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan edi. Shu tariqa park shahardagi eng xavfsiz maskanlardan biriga aylandi. Oʻshanda hokimlik matbuot xizmati, odamlar qiyofasini aniqlashga qodir jihoz parkka tashrif buyurayotgan odamlar sonini aniqlash, shuningdek, huquq tartibot idoralari xodimlarining qidiruvda boʻlgan odamlarni qidirishdagi ishlarni yengillashtirish maqsadida kameralar oʻrnatish borasidagi topshiriq shahar hokimi Rustam Emomali tomonidan berilganini maʼlum qilgan edi.

14 464
OʻzA