O‘zA O`zbek

19.01.2020 Chop etish versiyasi

Smartfon aygʻoqchilari borligini bilasizmi?

Smartfon aygʻoqchilari borligini bilasizmi?

Ogoh boʻling, ular shaxsiy maʼlumotlaringizni egallab, sotishi mumkin.

Hayotda odamlar bir-birining shaxsiy turmush tarziga qiziqsa ham bu haqda soʻrash noqulay. Lekin yonimizdagi smartfonlardagi ilovalar undan foydalanuvchilarning barcha maʼlumotlarini “biladi”.

Dunyo boʻylab millionlab odamlar turli tanishuv dasturlarini oʻzlarining smartfonlariga bepul yuklab olib, doʻstlik, muhabbat kabi zavqlar bilan oʻzlarini hayot tashvishlaridan uzoqlashtirishga urinishi bor gap.

Oʻzbekistonlik smartfon egalari ham badoo, mamba, fotostrana, loveplanet tinder, love kabi tanishuv ilovalaridan foydalanadi.

Ushbu ilovalarning aksariyati bepul, ammo uning haqini foydalanuvchilar ularni oʻz smartfonlariga oʻrnatish orqali oʻzlarining shaxsiy maʼlumotlari bilan toʻlashlarini koʻp holda bilmaydi.

Foydalanuvchilarning barcha harakatlari ilovalarning maxfiy kameralari bilan 24 soat davomida kuzatilib, “pichoqqa ilinadigan joylari” uzviy ravishda reklama tarmoqlari yoki Internet gigantlariga sotiladi.

Tanishuv saytlaridan shaxsiy maʼlumotlarni kim sotib oladi?

Norvegiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan, sogʻliqni saqlash, din, bola huquqlari va jinsiy munosabatlarni oʻz ichiga olgan isteʼmolchilar huquqlarini himoya qiluvchi “Forbruker Radet” nodavlat tashkiloti foydalanuvchilarning shaxsiy va nozik maʼlumotlarini oʻgʻirlaydigan va qayta ishlaydigan oʻnta Android ilovalarini tahlil qilib tadqiqot oʻtkazdi. Tadqiqot shuni koʻrsatdiki, barcha ilovalar oʻzlari ega boʻlgan maʼlumotlarni reklama tarmoqlariga yoʻnaltirgan.

Masalan, dunyodagi eng mashhur ommalashgan badoo tanishuv ilovasi, oʻndan ortiq internet gigantlariga oʻz foydalanuvchisining ism-sharifi, suratlari, hatto maxfiy boʻlishi kerak boʻlgan «yotoqxona maʼlumotlari”ni taqdim etgan.

Ilova foydalanuvchisining ish va yashash joyi, eng koʻp boradigan manzillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boshqa kompaniyalarga yuborilgan va ular, oʻz navbatida, ushbu maʼlumotlarni keyinchalik yirik davlatlarning xavfsizlik xizmatlariga sotishi aniqlagan.

“Har bir smartfon egasida oʻrtacha 40 dan 80 tagacha ilova oʻrnatilgan. Bu shuni anglatadiki, u oʻz maʼlumotlarini yuzlab, balki minglab onlayn-kompaniyalar bilan “baham koʻradi”, deydi Norvegiya kengashining isteʼmolchilar ishlari siyosati boʻyicha rahbari Finn Mirstad.

Shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilishning umumiy qoidalariga (DSGVO) koʻra, Yevropa Ittifoqi kompaniyalarga din, etnik kelib chiqishi, jinsiy yoʻnalishi va boshqa nozik mavzular toʻgʻrisidagi shaxsiy maʼlumotlarni toʻplash va uzatishni taqiqlovchi qonun qabul qilgan. Lekin algoritmlar baribir foydalanuvchilarning barcha xatti-harakatlarini doimiy kuzatuv ostiga olishda davom etmoqda.

Internet gigantlari ilovalarni ishlab chiquvchilarga ularda reklama joylashtirishga yordam berish uchun, unga xizmat koʻrsatuvchi kompaniyalar foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlarini marketing xizmatlari va reklama maydonchalariga uzatishni shart qilib qoʻyishlari buyicha koʻpgina Yevroittifoq davlatlari surishtiruv ishlarini boshlab yuborgan.

“Amnesty International” inson huquqlarini himoya qilish tashkilotining 2019-yil uchun tayyorlagan hisobotida GOOGLE va FACEBOOK kabi internet gigantlari tomonidan foydalanuvchilarni kuzatish inson huquqlariga tizimli tahdid, deb baholandi. Tashkilot hisoboti mualliflarining fikriga koʻra, foydalanuvchilarga boshqariladigan bunday taʼsir fikr va fikr erkinligi, tenglik va kamsitmaslik huquqlariga jiddiy tahdid soladi.

Shunday ekan, smartfonlardan foydalanishda ogoh boʻlish zarar qilmaydi.

25 215
Shuhrat Neʼmatov, OʻzA