O‘zA O`zbek

27.03.2018 20:54 Chop etish versiyasi

Silikon vodiysida “Uzbekistan Work Space” hududi ochiladi

Endi AQShning “Openbuck” kompaniyasi asoschisi Mark Rochman Silikon vodiysida mamlakatimiz axborot texnologiyalari manfaatlarini himoya qiladi. Amerikalik biznesmen, elektron tijorat sohasi ekspertining yurtimizga 9 kunlik tashrifi davomida ushbu masala bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mark Rochmanga maxsus sertifikat bilan tasdiqlangan Silikon vodiysi va jahon axborot texnologiyalari hamjamiyatida “MUIC” elchisi maqomi berildi.

Tashrif davomida mutaxassis O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi, davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yagona integrator, Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi hamda qator mahalliy kompaniyalarda bo‘ldi. Mamlakatimiz mutaxassislari bilan suhbatda ekspert axborot texnologiyalari sohasini yanada taraqqiy ettirish bo‘yicha yurtimizda mavjud imkoniyatlardan foydalanishga doir shaxsiy tajribasi, kuzatuvlari va g‘oyalari bilan o‘rtoqlashdi.

“Silikon Valley Talks” loyihasi doirasida Mark Rochman Toshkent shahridagi Inha universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning Samarqanddagi filiali talabalariga ma’ruzalar o‘qidi. Yurtimizdagi yuzlab bo‘lajak IT-sohasi mutaxassislari xorijlik ekspertga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish va innovatsion g‘oyalarini amalga oshirishga oid fikrini bilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Shuningdek, mehmon Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazining Silikon vodiysi va jahon IT-hamjamiyatidagi elchisi sifatida “MUIC” vakillarini AQShda qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi. Tez orada kompaniyaning Kaliforniyadagi ofisida “Uzbekistan Work Space” hududi ish boshlaydi, o‘zbekistonlik mutaxassislar Silikon vodiysiga xizmat safari doirasida bu yerda ishlash imkoniyatiga ham ega bo‘ladi. Shuningdek, biznesmen “Openbuck” kompaniyasi hamkorlari va mijozlaridan iborat xorijiy kompaniyalarni mamlakatimizda ishlashga jalb qilish, yurtimizni xalqaro to‘lov tizimlari va savdo maydonchalarining ruxsat etilgan ro‘yxatiga kiritishda yordam ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.

Roman Bondarchuk, O‘zA
8 232